Ipoteka krediti uchun subsidiya olish tartibi qanday?
Bugun soat 10:00 dan 2026 yilda ajratilgan, ammo foydalanilmay qolgan ipoteka subsidiyalari uchun arizalar qabuli qayta ochiladi.
Pinkod subsidiya kimlarga berilishi, 30 ball qanday toʻplanishi va davlat ipoteka xarajatlarining qancha qismini qoplashini tushuntiradi.

Ariza qayerda topshiriladi?
Arizani Davlat xizmatlari markazida, MyGov mobil ilovasida yoki my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin. Harbiy tuzilmalar xodimlari Davlat xizmatlari markaziga bevosita murojaat qilishi mumkin.
MyGov’da xizmat bepul, arizaga alohida hujjat ilova qilish talab etilmaydi. Portalda xizmat koʻrsatish muddati 4 ish kuni ekani koʻrsatilgan.
Subsidiya olish uchun 30 ball qanday toʻplanadi?
Subsidiya ajratish tartibiga koʻra, talabgor ijtimoiy mezonlar boʻyicha kamida 30 ball toʻplashi kerak. Ariza beruvchi va uning turmush oʻrtogʻi nomida Oʻzbekistonning hech bir hududida mulk huquqi asosida turar joy boʻlmasa, 20 ball beriladi. Daromad mezoni boʻyicha yana 5 yoki 10 ball olish mumkin.
Daromad chegaralari mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga bogʻlangan. Bu miqdor 2026 yil 1 sentabrdan 1 360 000 soʻm etib belgilangan. Shunga koʻra, oʻrtacha oylik daromad quyidagicha baholanadi.
| Hudud | 10 ball | 5 ball |
|---|---|---|
| Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar | 3 672 000 soʻmdan 9 520 000 soʻmgacha | 9 520 000 soʻmdan yuqori, 10 880 000 soʻmgacha |
| Toshkent shahri | 3 672 000 soʻmdan 10 880 000 soʻmgacha | 10 880 000 soʻmdan yuqori, 12 512 000 soʻmgacha |
Turar joy mezonidan 20 ball, daromaddan 10 ball olgan talabgor minimal chegaraga yetadi. Daromaddan 5 ball olgan talabgorga esa yana kamida 5 ball kerak. Daromad yoki turar joy mezonidan ball olinmasa, subsidiya ajratilmaydi.
Kimlarga qoʻshimcha ball beriladi?
Quyidagi toifalarga qoʻshimcha ball beriladi:
- “Xorijda ish” tizimida roʻyxatdan oʻtgan mehnat migrantlariga — 10 ball.
- Olis hududga ishlash uchun kelgan oliy maʼlumotli mutaxassislar, tibbiyot xodimlari va tegishli professional taʼlim oʻqituvchilariga — 5 ball.
- 30 yoshdan oshmagan fuqarolarga — 5 ball.
- Ajrashgan, beva yoki yolgʻiz ona toifasiga mansub ayollarga — 5 ball.
- “Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimining “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” modulida roʻyxatdan oʻtgan shaxslarga — 5 ball.
Talabgor bir nechta toifaga mos kelsa, qoʻshimcha ball faqat bitta mezon boʻyicha beriladi.
Kredit tarixi qanday tekshiriladi?
Ariza beruvchining kredit tarixi dasturda qatnashayotgan 15 ta tijorat bankidan kamida bittasining ichki talablariga mos kelishi kerak. Banklar kredit tarixini baholay olishi uchun talabgor OneID tizimida maʼlumotlardan foydalanishga ruxsat berishi lozim. Kredit tarixini olishga vaqtincha cheklov qoʻyilgan boʻlsa, ariza rad etiladi.
Subsidiya qancha va nimalarni qoplaydi?
2026 yilgi ipoteka dasturida boshlangʻich badalning bir qismini qoplash uchun 30 mln soʻm subsidiya koʻzda tutilgan. Amaldagi nizomga koʻra, kreditning dastlabki besh yilida foiz toʻlovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi ham qoplanadi.
Birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun ajratiladigan ipoteka kreditlarini davlat dasturi doirasida qayta moliyalashtirishning yuqori chegarasi quyidagicha.
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — 380 mln soʻmgacha.
- Toshkent shahrida — 480 mln soʻmgacha. Yangi Toshkentdagi koʻp kvartirali uylarga ham shu shartlar tatbiq etiladi.
Ijobiy xabarnoma olgan talabgor ipoteka krediti uchun bankka murojaat qiladi. Kredit boʻyicha qarorni bank daromad, qarz yuki, boshlangʻich badal va kvartira qiymatini hisobga olib qabul qiladi.
Qaysi hollarda ariza rad etiladi?
Quyidagi holatlar arizani rad etish uchun asos boʻladi.
- Talabgor 30 balldan kam toʻplagan yoki ijtimoiy mezonlarga mos kelmagan.
- Hisobga olinadigan oʻrtacha oylik daromad belgilangan chegaradan tashqarida.
- Arizada notoʻgʻri yoki soxta maʼlumot koʻrsatilgan.
- Talabgor yoki uning turmush oʻrtogʻi ilgari ipoteka subsidiyasidan foydalangan. Bu qoida avvalgi kredit toʻliq yopilgan yoki uy-joy sotilgan hollarda ham amal qiladi.
- Hudud uchun ajratilgan subsidiya limiti tugagan.









