Ipoteka-bank boshqaruvi raisiga ikkita yangi oʻrinbosar tayinlandi
Mixail Danilin va Marton Ratki Ipoteka-bank OTP Group boshqaruvi raisining yangi oʻrinbosarlari etib tayinlandi. Ular mos ravishda axborot texnologiyalari hamda strategiya va moliya bloklariga rahbarlik qiladi. Har ikki tayinlov Markaziy bank bilan kelishilgandan soʻng kuchga kiradi.

Ipoteka-bank OTP Group boshqaruvi tarkibida navbatdagi oʻzgarishlar amalga oshirildi. Bu haqda bankning korporativ axborotida qayd etilgan.
Xususan, Mixail Alekseyevich Danilin bank boshqaruvi raisining oʻrinbosari — axborot texnologiyalari bloki rahbari etib tayinlandi. U bankning IT yoʻnalishiga masʼul boʻladi.
Marton Miklosh Ratki (Márton Miklós Rátky) esa boshqaruv raisining oʻrinbosari — strategiya va moliya bloki rahbari lavozimini egallaydi.
Har ikki tayinlov Oʻzbekiston Markaziy banki bilan kelishilgandan keyin rasman kuchga kirishi belgilangan.
Bank rahbariyatidagi oʻzgarishlar
Ipoteka-bankda soʻnggi oylarda boshqaruv tarkibi bir necha bor yangilandi.
Jumladan, 2026 yil 27 iyuldan Adam Sentpeteri bank boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangan edi. U 3 iyundan buyon ushbu lavozim vazifasini vaqtincha bajarib kelgan. Bungacha Sentpeteri bank boshqaruvi raisining oʻrinbosari sifatida strategiya va moliya blokini boshqargan.
Maʼlumot uchun, Ipoteka-bank 2023 yil iyun oyida Vengriyaning OTP Group tarkibiga kirgan. Oʻshanda OTP Bank bank aksiyalarining 73,71 foizini sotib olgan.









