Ilon Mask ruhiy muammolarni boshdan kechirmoqda
Uning biografi Set Abramson oʻzining tvitlarida milliarder 2022 yildan beri ruhiy buzilishlarni boshdan kechirayotganini aytib oʻtdi. Taʼkidlanishicha, Mask giyohvand moddalarni doimiy isteʼmol qilmoqda.
Milliarder tadbirkor Ilon Maskning biografi Set Abramson uning ruhiy salomatligi va bu masalaning global hamda milliy barqarorlikka taʼsiri borasida jiddiy xavotirlarini bildirib oʻtdi.
Abramson oʻzining X (avvalgi Twitter) platformasidagi postlarida Maskning stress, giyohvand moddalar isteʼmoli va noodatiy xatti-harakatlarini ruhiy muammolar belgilari sifatida koʻrsatib, bu holatlar jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin ekanligini taʼkidladi.
Abramsonning ogohlantiruvchi daʼvolari
Set Abramson soʻnggi ikki yil davomida Maskning xatti-harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatib, tadbirkorning ruhiy holati jiddiy xavotirga sabab boʻlishini aytib oʻtdi.
“Men Ilon Maskning rostdan ham aqldan ozayotganiga ishonaman. Men Maskning tarjimai holini yozadigan biografman va soʻnggi ikki yil davomida uning internetdagi xulq-atvorini kuzatib kelmoqdaman. U ruhiy kasalliklar, giyohvand moddalarni haddan tashqari koʻp isteʼmol qilish va ogʻir stress holatlarini tan olganini hisobga olsak, hozir uning jiddiy ruhiy nosogʻlom ahvolda ekanligidan xavotirlanishimiz kerak”, deb yozdi Abramson.
Abramson AQSh maʼmuriyatidan “Amerikani Ilon Maskdan himoya qilish” choralarini koʻrishni soʻradi.
“Maʼmuriyatning Amerikani Ilon Maskdan himoya qilish uchun shoshilinch choralar koʻrishga yana 14 kun vaqti bor. Bunga u bilan tuzilgan barcha AQSh shartnomalarini bekor qilish, uning konstitutsiyaga zid DOGE tashabbusini toʻxtatish uchun sud daʼvosi qoʻzgʻatish va yangi federal hamda milliy xavfsizlik tekshiruvlarini boshlash kiritish mumkin", deya qoʻshimcha qildi u.
Maskning jamiyatga taʼsiri qanday?
Ilon Maskning zamonaviy iqtisodiyot va infratuzilma rivojlanishiga taʼsiri bir necha muhim sohalarda oʻz aksini topadi. SpaceX kompaniyasi orqali u NASA bilan hamkorlik qilib, kosmik tadqiqotlar va Marsni oʻzlashtirish ishlarini rivojlantirmoqda, biroq uning rahbarlikdagi beqarorligi ushbu jarayonlarga jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin.
Tesla orqali esa u iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda muhim rol oʻynab, elektromobillar va qayta tiklanadigan energiya sohalarini rivojlantiradi, lekin u yerda qabul qilinayotgan noaniq qarorlar bu yoʻnalishlarga toʻsiq boʻlishi mumkin.
Neuralink va X Ai kabi kompaniyalari orqali Mask sunʼiy intellektning rivoji va uni tartibga solinishi jarayonida ishtirok etmoqda, lekin uning rahbarlikdagi xatolari bu sohaning global miqyosdagi barqarorligiga salbiy taʼsir qilishi mumkin. Maskning qarorlari va xatti-harakatlari mazkur sohalar rivoji va jahon miqyosidagi barqarorlik uchun muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Endi nima boʻladi?
Abramsonning daʼvolari jamoatchilikda turli fikrlarni keltirib chiqardi. Baʼzilar uning gaplariga shubha bilan qarasa, boshqalar Maskning global taʼsirini nazorat qilishga chaqirmoqda. AQSh hukumati hali bu masalaga rasmiy javob bermadi, ammo Maskning sohalardagi taʼsirini hisobga olsak, uning shaxsiy muammolari jahon miqyosidagi katta muammolarga olib kelishi mumkin. Maskning oʻzi hozircha Abramsonning ayblovlariga javob bermadi.
Avvalroq Ilon Mask 2024 yilda oʻz boyligini deyarli ikki barobarga koʻpaytirib olgani xabar qilingandi.