Ilon Mask OpenAI va Sem Altmanga qarshi sudda yutqazdi
AQSh federal sudi Ilon Maskning OpenAI, Sem Altman va Greg Brokmanga qarshi daʼvolarini rad etdi. Sud xulosasiga koʻra, Mask ishni belgilangan qonuniy muddatdan kech olib chiqqan, shu sababli uning OpenAI’ning “notijorat missiyasidan chekingani” haqidagi daʼvolari koʻrib chiqilmaydi.

AQShning Kaliforniya shtati Oklend shahridagi federal sud Ilon Maskning OpenAI va uning rahbarlariga qarshi daʼvosini rad etdi.
9 kishidan iborat hakamlar hayʼati uch haftalik sud jarayonidan soʻng ikki soatdan kamroq vaqt ichida bir ovozdan Maskning daʼvolari qonuniy muddat oʻtganidan keyin kiritilgan, degan xulosaga kelgan. Sudya Ivonn Gonsales Rojers hakamlar hayʼati xulosasini qabul qilib, ishni yopgan.
Mask OpenAI asoschilaridan biri sifatida kompaniya dastlab sunʼiy intellektni insoniyat manfaatiga xizmat qildirish uchun notijorat tashkilot sifatida tuzilganini taʼkidlab keladi. U Sem Altman va OpenAI prezidenti Greg Brokmanni kompaniyani asl maqsadidan uzoqlashtirib, tijorat modeliga oʻtkazganlikda ayblagan. Maskning daʼvosiga koʻra, OpenAI keyinchalik Microsoft bilan yaqin hamkorlik orqali daromad olishga yoʻnaltirilgan tuzilmaga aylangan.
AP maʼlumotlariga koʻra, Mask OpenAI’ning ilk yillarida kompaniyaga 38 mln dollar kiritgan. U bu mablagʻlar aynan notijorat loyiha uchun berilganini aytgan. Sudda esa OpenAI tomoni Mask kompaniya tuzilmasi va keyingi yoʻnalishidan yillar davomida xabardor boʻlganini, daʼvo esa uning 2023 yilda xAI nomli raqobatchi kompaniyani ishga tushirganidan keyingi biznes raqobati fonida yuzaga kelganini bildirgan.
Ish doirasida Mask OpenAI’ning xayriya yoʻnalishiga kompensatsiya toʻlanishini, shuningdek, Sem Altmanning OpenAI boshqaruvidan chetlatilishini talab qilgan. Daʼvo “charitable trust” — yaʼni xayriya maqsadidagi ishonch majburiyatini buzish, asossiz boyish va Microsoft’ning bu jarayonga koʻmaklashgani haqidagi bandlarni oʻz ichiga olgan. Biroq hakamlar hayʼati bu talablar boʻyicha daʼvo muddati oʻtib ketganini bildirgan.
OpenAI uchun bu qaror muhim huquqiy gʻalaba sifatida baholanmoqda. Chunki sud jarayoni kompaniyaning notijorat missiyasi, tijorat modeli, Microsoft bilan aloqalari va kelajakdagi IPO rejalariga taʼsir qilishi mumkin edi. Reuters sud qarori OpenAI’ning ommaviy savdoga chiqish yoʻlidagi yirik huquqiy toʻsiqlardan birini olib tashlaganini yozdi.
Mask esa qarorga rozi emasligini bildirib, apellyatsiya berishini aytgan. U sud va hakamlar hayʼati ishning mazmunini emas, faqat “taqvimdagi texnik muddat” masalasini koʻrib chiqqanini daʼvo qilmoqda. Microsoft esa qarorni olqishlab, OpenAI bilan hamkorlikni davom ettirishini bildirgan.









