HUMO’da yana rahbar almashdi: Aleksandr Sotnikov kompaniya boshqaruv raisi etib tayinlandi
HUMO xususiylashtirilganidan keyin bir yarim yil ichida kompaniyada toʻrtinchi bor rahbar almashdi. Belarusning “Belkart” milliy toʻlov tizimini besh yil boshqargan Aleksandr Sotnikov Ulugʻbek Bahodirov oʻrnini egalladi. U may oyida HUMO rahbariyatiga kelib, oradan 44 kun oʻtgach lavozimidan ozod etilgan edi.

Belaruslik bankir Aleksandr Sotnikov “Milliy banklararo protsessing markazi” AJ — HUMO toʻlov tizimi boshqaruvi raisi etib tayinlandi. U mazkur lavozimda 2025 yil sentabridan buyon ishlab kelgan Ulugʻbek Bahodirov oʻrnini egallaydi.
Tayinlov haqida hozircha kompaniya tomonidan alohida rasmiy bayonot berilmagan. Sotnikovning ismi HUMO rasmiy saytining rus tilidagi rahbariyat boʻlimida boshqaruv raisi sifatida koʻrsatilgan. Saytning oʻzbek va ingliz tilidagi sahifalarida esa Ulugʻbek Bahodirovning ismi saqlanib qolgan.
Bundan tashqari, Yagona korporativ axborot portalida HUMO rahbari almashganiga oid yangi muhim fakt hozircha eʼlon qilinmagan.
HUMO’da 44 kun ishlab, lavozimidan ketgandi
Aleksandr Sotnikovning HUMO’dagi faoliyati noodatiy tayinlovlar bilan kechmoqda. Kompaniya Kuzatuv kengashining 18 maydagi qarori bilan u HUMO boshqaruvi raisining oʻrinbosari etib tayinlangan edi. Keyinchalik uning lavozimi boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari sifatida koʻrsatilgan.
Biroq 1 iyul kuni Kuzatuv kengashi Sotnikovning vakolatlarini muddatidan oldin tugatdi. Shunday qilib, u HUMO boshqaruvida atigi 44 kun ishlagan. Qarorda uning lavozimdan ketish sababi ochiqlanmagan. Sotnikovning oʻrniga Rustam Karimov kompaniya ijro organi tarkibiga kiritilgan.
5 iyul kuni esa Sotnikov LinkedIn’dagi sahifasida yangi ish qidirayotganini bildirgan. U bosh direktor, bosh direktor oʻrinbosari, direktorlar kengashi maslahatchisi va mustaqil direktor lavozimlaridagi takliflarga qiziqishini, jumladan, Minskdagi variantlarni ham koʻrib chiqishga tayyorligini yozgan.
Oradan koʻp oʻtmay uning HUMO boshqaruvi raisi sifatida koʻrsatilishi kompaniyada avval qabul qilingan qaror qayta koʻrib chiqilgan boʻlishi mumkinligini anglatadi.
Aleksandr Sotnikov kim?
Aleksandr Sotnikov 1974 yilda tugʻilgan. U 1996 yilda Belarus davlat universitetini geograf-ekolog va oʻqituvchi mutaxassisligi boʻyicha, 2002 yilda Belarus davlat iqtisodiyot universitetini bank ishi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.
Sotnikov bank kartalari, protsessing, raqamli identifikatsiya va milliy toʻlov tizimlari sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega.
U 2009 yildan “Belinvestbank”ning kartalar markaziga rahbarlik qilgan. 2013 yilda alohida kompaniya sifatida tashkil etilgan “Belkart” milliy toʻlov tizimining dastlabki direktorlaridan biri boʻlgan va tizimni 2015 yilgacha boshqargan.
2015–2017 yillarda Belarus Milliy bankining raqamli bank texnologiyalarini rivojlantirish bosh boshqarmasi rahbari boʻlib ishlagan. Bu davrda u banklararo yagona identifikatsiya tizimi, masofaviy xizmatlar, elektron raqamli imzo va biometrik texnologiyalarni joriy etish bilan bogʻliq loyihalarda qatnashgan.
2017 yilda Sotnikov “Belgazprombank” ijrochi direktori, keyinchalik esa boshqaruv raisining oʻrinbosari lavozimini egallagan. U mazkur bankda 2021 yilgacha faoliyat yuritgan.
2021 yil mayida Belarus Bank protsessing markazi bosh direktori etib tayinlangan. Ushbu markaz “Belkart” milliy toʻlov tizimining ishlashi, bank kartalari boʻyicha operatsiyalarni qayta ishlash va toʻlov infratuzilmasini rivojlantirishga masʼul hisoblanadi. Sotnikov markazni 2026 yil mayigacha — besh yil davomida boshqargan.
HUMO’da rahbarlar tez-tez almashmoqda
2025 yil yanvarida HUMO ustav kapitalidagi 100 foizlik davlat ulushi “Paynet” kompaniyasiga 65 mln dollarga sotilganidan keyin toʻlov tizimida bir necha marta rahbar almashdi.
Kompaniya tashkil etilganidan buyon unga rahbarlik qilgan Shuhratbek Qurbonov 2025 yil martida lavozimini tark etdi. Uning oʻrniga tayinlangan Aleksey Maksimov uch oyga yaqin ishladi. Keyinchalik HUMO’ga Maqsadjon Muxitdinov vaqtincha, 2025 yil sentabridan esa Ulugʻbek Bahodirov rahbarlik qildi.
Aleksandr Sotnikovning tayinlanishi rasman tasdiqlansa, u HUMO’ning xususiylashtirilishidan keyingi bir yarim yil ichidagi toʻrtinchi rahbariga aylanadi.









