Humans’ga tegishli Upay faoliyatiga qoʻyilgan cheklov bekor qilindi
Markaziy bank 2024 yil oktabr oyida mazkur tashkilot faoliyatiga 6 oylik cheklovlar kiritgan edi. Bu qarordan soʻng Humans moliyaviy natijalariga jiddiy pasayib, uchinchi chorak sof foydasi boʻyicha 80 foizdan koʻproq kamayish kuzatilgan.

Markaziy bank Bank nazorati qoʻmitasining qaroriga asosan “Maroqand” AJga nisbatan avval joriy etilgan ayrim toʻlov xizmatlariga doir cheklovlar bekor qilindi. Mazkur kompaniya oʻz xizmatlarini Upay brendi ostida amalga oshiradi.
2024 yil oktabr oyida Markaziy bank Upay faoliyatini vaqtincha cheklagandi. Sabab sifatida kompaniya qimor oʻyinlariga toʻlovlar qabul qilinishiga yoʻl qoʻygani koʻrsatilgan. Cheklov muddati olti oy etib belgilangan edi.
Maʼlumot uchun, 2022 yilda Upay’ning 100 foiz ulushi Humans kompaniyasi tomonidan sotib olingan. Kompaniya toʻlov xizmatlari “Humans Pay” nomi ostida aynan shu platforma orqali koʻrsatib kelinadi.
Cheklov eʼlon qilingach, Humans bosh direktori bu qarorni adolat tamoyillariga zid deb hisoblashini aytgan. “Cheklovlar sababi oʻyinlar bilan bogʻliq amaliyotlar ekanligini biz bugun OAVdagi xabarlardan bildik”, — degan Dobrynin.
Markaziy bankning oʻsha paytdagi raisi Mamarizo Nurmurodov esa bunga quyidagicha izoh bergan:
“Upay noqonuniy operatsiyalar bilan shugʻullangani sababli uch marta Bank qoʻmitasiga chaqirib, ogʻoxlantirganmiz. Biz toʻlov tashkiloti agentini (Humans) ogʻoxlantirmaymiz. Cheklov qimor oʻyinlari bilan bogʻliq boʻlgan”.
Cheklov Humans’ning moliyaviy natijalariga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. 2024 yilning uchinchi choragida kompaniya atigi 3,5 milliard soʻm sof foyda koʻrsatdi. Bu oʻtgan yilning shu davrida qayd etilgan 20,4 milliard soʻmlik foydaga nisbatan 80 foizdan ortiq kamayishni anglatadi.
Shuningdek, keyinchalik birjada Humans aksiyalari bilan bogʻliq operatsiyalar ham vaqtincha toʻxtatilgani haqida xabar berilgan edi.