12 021.320 so‘m

decrease

-20.730

13 734.360 so‘m

decrease

-10.440

157.640 so‘m

increase

2.610

12 021.320 so‘m

decrease

-20.730

Yaqin 32 daqiqa ichida
Bozor
48

Eskrou tizimi joriy etilishi oldidan koʻchmas mulk bitimlari keskin koʻpaygan

2026 yilning birinchi choragida Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozorida oldi-sotdi bitimlari soni 110,1 mingtaga yetib, yillik hisobda 48,4 foizga oshdi. Markaziy bank buni 1 apreldan eskrou tizimi joriy etilishi oldidan shartnomalarning jadal rasmiylashtirilgani bilan izohlamoqda.

Eskrou tizimi joriy etilishi oldidan koʻchmas mulk bitimlari keskin koʻpaygan
Foto: AI/Pinkod.uz

2026 yilning birinchi choragida Oʻzbekistonda koʻchmas mulk bozorida faollik keskin oshdi. Markaziy bank tahliliga koʻra, yanvar–mart oylarida oldi-sotdi bitimlari soni 110,1 mingtani tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 48,4 foizga koʻpaygan.

Oʻsishning asosiy sababi 1 apreldan koʻchmas mulk va avtotransport vositalari oldi-sotdisida eskrou hisobvaraqlari orqali hisob-kitob qilish tartibi joriy etilishi bilan izohlanmoqda. Yangi tizim kuchga kirishidan oldin bozor ishtirokchilari bitimlarni tezroq rasmiylashtirishga harakat qilgan.

Oylar kesimida eng yuqori faollik mart oyida kuzatilgan. Shu oyda 47,3 mingta oldi-sotdi bitimi tuzilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning mart oyiga nisbatan 112 foizga koʻp.

Hududlar kesimida eng yuqori oʻsish Sirdaryo viloyatida qayd etildi — 67 foiz. Toshkent shahrida bitimlar soni 64 foizga, Andijonda 56 foizga, Navoiyda esa 52 foizga oshgan. Toshkent shahrida uch oyda 32,8 mingta koʻchmas mulk oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirilgan.

Talabga ipoteka kreditlari hajmining oshishi ham taʼsir koʻrsatgan. Birinchi chorakda ajratilgan ipoteka kreditlari 5,7 trln soʻmga yetib, yillik hisobda 29 foizga koʻpaygan. Aholi real daromadlari esa chorak yakunida 7,8 foizga oʻsgan.

Taklif tomonida ham oʻsish kuzatilgan. Yanvar–mart oylarida foydalanishga topshirilgan uy-joylarning umumiy maydoni 3,3 mln kvadrat metrni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 6,6 foizga oshgan. Bu oʻsish asosan yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi kengaygani hisobiga shakllangan.

Bozordagi yuqori faollik narxlarga ham taʼsir qilgan. Mart oyida birlamchi bozordagi koʻp qavatli uylarda xonadonlar narxi dollar hisobida 8,1 foizga, soʻm hisobida 1,8 foizga oshgan. Ikkilamchi bozorda esa narxlar dollar hisobida 9,4 foizga, soʻmda 3 foizga qimmatlashgan.

Ijara bozorida ham oʻsish saqlanib qolgan. Respublika boʻyicha ijara narxlari mart oyida dollar qiymatida 9,5 foizga, soʻm qiymatida 3,1 foizga oshgan. Toshkent shahrida ijara narxlari nisbatan pastroq surʼatda oʻsib, dollar hisobida 6,9 foizni, soʻmda esa 0,6 foizni tashkil qilgan.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida yer narxlari pasayishda davom etmoqda. Birinchi chorak yakunida poytaxtda 1 sotix yer narxi 301 mln soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga arzonlashgan. Markaziy bank buni shahar markazidan uzoqroq hududlarda yer taklifining oshib borayotgani bilan izohlagan.

Markaziy bankka koʻra, eskrou tizimi qisqa muddatda quruvchilar uchun moliyalashtirish xarajatlariga taʼsir qilishi mumkin. Chunki bunday tizimda qurilish kompaniyalari xaridorlarning oldindan toʻlangan mablagʻlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalana olmaydi. Biroq uzoq muddatda bu tizim xaridorlar mablagʻlarini himoya qilish, bozorda shaffoflikni oshirish va tugallanmagan qurilish xavfini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+