11 993.530 so‘m

increase

40.800

14 054.020 so‘m

increase

32.270

158.520 so‘m

decrease

-0.960

11 993.530 so‘m

increase

40.800

2 soat avval
Soliq
50

Enter Engineering va Eriell bilan bogʻliq tuzilmalar 2025 yilda qariyb 1,9 trln soʻmlik bojxona imtiyozidan foydalangan

Baxtiyor Fozilovga aloqador Enter Engineering va Eriell bilan bogʻliq doimiy muassasalar 2025 yilda qariyb 1,9 trln soʻmlik bojxona imtiyozidan foydalangan. Bu doimiy muassasalar boʻyicha eʼlon qilingan jami imtiyozlarning 82,5 foiziga teng. Avvalroq ushbu kompaniyalar guruhi xodimlar, byudjet va banklar oldidagi qarzlari sabab aktivlarini sotishi mumkinligi xabar qilingandi.

Enter Engineering va Eriell bilan bogʻliq tuzilmalar 2025 yilda qariyb 1,9 trln soʻmlik bojxona imtiyozidan foydalangan
Foto: AI/Pinkod.uz

Avvalroq Pinkod 2025 yilda qaysi kompaniyalar eng koʻp soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalangani haqida yozgan edi.

Bojxona imtiyozlari roʻyxatida Baxtiyor Fozilovga aloqador Enter Engineering va Eriell kompaniyalari bilan bogʻliq tuzilmalar ham alohida koʻzga tashlanadi. Xususan, “Enter Engineering Pte. Ltd”ning doimiy muassasasi 2025 yilda 1,1 trln soʻmlik bojxona imtiyozidan foydalangan va umumiy roʻyxatda uchinchi oʻrinni egallagan.

Shuningdek, “Enter Engineering Ptd. Ltd” bilan bogʻliq “New Logistic” doimiy muassasasi ham 321,1 mlrd soʻmlik bojxona imtiyozidan foydalangan. Umumiy bojxona imtiyozlari top-roʻyxatida Enter Engineering bilan bogʻliq ushbu ikki subʼekt hissasiga kamida 1,42 trln soʻm toʻgʻri keladi. Bu top-13 bojxona imtiyozlari umumiy hajmining qariyb 15 foizi demakdir.

Doimiy muassasalar boʻyicha alohida roʻyxatda esa Enter Engineering bilan bogʻliq boshqa loyihalar ham qayd etilgan. Jumladan, Payariq tumanidagi loyiha — 266,5 mlrd soʻm, Samarqandkimyo loyihasi — 163,7 mlrd soʻm, Buxoro viloyatidagi MTO loyihasi — 30,2 mlrd soʻmlik bojxona imtiyozidan foydalangan.

Roʻyxatda Eriell bilan bogʻliq tuzilma ham bor: “Eriell Oilfield Services Middle East DMCC” doimiy muassasasi 15,9 mlrd soʻmlik imtiyoz olgan.

Shu tariqa, doimiy muassasalar boʻyicha eʼlon qilingan roʻyxatda Enter Engineering va Eriell bilan bogʻliq tuzilmalar hissasiga jami qariyb 1,9 trln soʻm bojxona imtiyozi toʻgʻri keladi. Bu doimiy muassasalar roʻyxatidagi jami 2,3 trln soʻmlik imtiyozlarning taxminan 82,5 foizi demakdir.

Agar soliq va bojxona imtiyozlari boʻyicha asosiy top-roʻyxatlar umumiy hajmi — qariyb 24,26 trln soʻm bilan solishtirilsa, Enter Engineering va Eriell bilan bogʻliq doimiy muassasalar hissasi kamida 7,8 foiz atrofida boʻladi.

Enter Engineering va Eriell nomi oxirgi vaqtlarda faqat imtiyozlar bilan emas, balki moliyaviy muammolar bilan ham tilga olinmoqda. Eriell 2004 yilda Baxtiyor Fozilov tomonidan tashkil etilgan, Enter Engineering esa 2012 yilda tuzilgan.

2026 yil boshida hukumat Enter Engineering, Eriell va Saneg kompaniyalari guruhining nomutaxassislik aktivlarini sotish orqali qarzlarni yopish boʻyicha choralar koʻrishi maʼlum boʻldi. Gap xodimlar, byudjet va banklar oldidagi qarzlarni qoplash haqida bormoqda. Kompaniyalar guruhining faqat ish haqi boʻyicha qarzdorligi 38,7 ming xodim oldida 131 mln dollarga yetgani qayd etilgan.

Sotuvga chiqarilishi mumkin boʻlgan aktivlar qatorida Enter Engineering’ning Toshkentdagi ofislari, Eriell Group’ning Toshkentdagi binolari, Tashkent International Medical Center binosi, Silk Road Samarkand majmuasidagi sakkizta mehmonxona, Samarqand xalqaro aeroporti, Fargʻona viloyatidagi Oltiariq neftni qayta ishlash zavodi va Angren saqlash terminali koʻrsatilgan.

Qarorga muvofiq, kompaniyalar guruhining affillangan shaxslari uchun soliqlar va bojxona toʻlovlari boʻyicha kechiktirish muddati 2027 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi. Biroq bu imtiyoz xodimlar oldidagi qarzdorlik toʻliq qoplangandan keyingina amal qiladi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+