Eng qimmat va arzon logotiplar
Dunyo boʻylab kompaniyalar orasida logotip yaratish uchun katta mablagʻ ajratadiganlari koʻp topiladi. Ayrim holatlarda bu oʻzini oqlasa, baʼzan deyarli pul sarflanmagan logotiplar dunyodagi eng mashhurlar safidan joy olishi ham mumkin.
Logotip nima va uning ahamiyati qanchalik muhim?
Logotip – bu kompaniya yoki tashkilotning vizual identifikatsiyasi, yaʼni uning yuz ifodasidir. Logotip mahsulot yoki xizmatni bir qarashda tanish imkonini beradi, brendning qiymatini oshiradi va uning oʻziga xosligini koʻrsatib turadi. Eng muhimi, yaxshi logotip kompaniyaning missiyasi va qadriyatlarini ifodalashi kerak.
Logotipning muvaffaqiyati uning dizayniga, soddaligiga va qanchalik esda qolishiga bogʻliq. Shu sababli, katta kompaniyalar logotip yaratishga yoki rebrendingga katta mablagʻ sarflashadi. Dunyoda shunday kompaniyalar borki, ular oʻz logotiplarini yaratish uchun millionlab dollarlarni sarflashgan.
Tarixdagi eng qimmat logotiplar roʻyxati
Symantec – $1,280,000,000
Juda sodda, biroq nihoyatda maʼnoli logotip kompaniyaga katta narxga – $1,280,000,000 tushgan. Logotipning asosiy elementi boʻlmish tekshiruv belgisi operatsiyaning muvaffaqiyatli yakunlanganini anglatadi. Bu esa veb-sayt xavfsizligini taʼminlovchi kompaniya faoliyatiga aynan mos tushadi. Bundan tashqari, doiraning sariq rangi himoyaning uzluksizligi va barqarorligini ifodalaydi. Ushbu elementlarning uygʻunligi xavfsizlik, ishonch va himoyalanganlik hissini uygʻotadi.
BP (British Petroleum) – $210,000,000
Bu brend marketingda ranglar psixologiyasidan maksimal darajada foydalanishga qaror qildi. Kompaniyaning nomi atrof-muhit ifloslanishiga hissa qoʻshishini aniq koʻrsatib turgani sababli, ular mijozlarini ekologik toza boʻlish uchun barcha choralarni koʻrayotganlariga ishontirishga harakat qilishdi. Shu tarzda, quyoshdan oʻsib chiqayotgan gulga oʻxshash logotip yaratildi. Marketing xabarining asl maqsadi mijozlarni kompaniyaning ekologik toza ekanligiga ishontirish edi, biroq bu reja muvaffaqiyatsizlikka uchradi va hatto kulgiga ham sabab boʻldi. Koʻpchilik foydalanuvchilar neftdan pul topib turib, mijozlarga ekologik tashabbuslar haqida gapirishni haqorat deb qabul qildi.
Accenture – $100,000,000
Kompaniya uning nomi, qadriyatlari va yuqoridagi matematik belgidan iborat logotip uchun toʻqqiz xonali summa toʻlagan. Bunda asosiy gʻoya kompaniyaning doimo kelajakka, oʻsish va rivojlanishga intilishini aks ettirish edi. Garchi logotip koʻplar tomonidan tanqidga uchragan boʻlsa-da, hozirgi kunda kompaniya bozorda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishda davom etmoqda.
Posten Norge (Norvegiya pochtasi) – $55,000,000
Norvegiyaning pochta kompaniyasi oʻz brendini zamonaviy rebrending qilish uchun $55 million sarflagan. Garchi yuqori narx bilan boʻlsa-da, kompaniya oʻz qadriyatlarini foydalanuvchilarga toʻliq ravishda yetkaza oldi.
Enron — $33,900,000
Enron – energiya kompaniyasi katta moliyaviy yoʻqotishlarini yashirgan holda bankrotlikka yuz tutdi. Mashhur grafik dizayner Pol Rand tomonidan ishlab chiqilgan ushbu logotip $33,9 million qiymatga ega edi. “Tilted E” shaklidagi logotip nafis koʻrinishga ega boʻlsa-da, kompaniya muvaffaqiyatiga hissa qoʻsha olmadi.
Australia & New Zealand Banking Group (ANZ) – $15,000,000
Ushbu logotip ikkita yirik bankning birlashishi natijasida yaratilgan boʻlib, ularning nomlarining dastlabki harflarini birlashtirgan. Dizaynerlar marketing psixologiyasi qoidalariga rioya qilib, oq va koʻk ranglardan foydalanilgan, bu esa barqarorlik, xavfsizlik va ishonchlilikni ifodalaydi. Qiziqarli jihati shundaki, PayPal ham oʻxshash maqsadlar uchun ayni shu ranglardan foydalanadi.
BBC — $1,800,000
BBC logotipi – oq shriftdagi harflar va qora fon dizayni bilan tanilgan mazkur logotipga nashriyot 1,8 million dollar sarf qilgan. 1971 yildan 1988 yilgacha ishlatilgan asl logotip uzoq muddat davomida oʻzgartirilmagan edi. Biroq, 1997 yilda brend rebrendingi natijasida logotip hozirgi koʻrinishga keldi.
CitiBank — $1,500,000
Ushbu logotip yigirma yil oldin Pentagram kompaniyasi dizayneri Paula Sher tomonidan yaratilgan. Qiziqarlisi, logotip dastlab oddiy bir salfetkada chizilgan eskiz asosida yaratilgan.
Pepsi — $1,000,000
Pepsi oʻzining eng mashhur logosini yaratish uchun 1 mln dollar sarflagan. Uzoq yillar davomida bu logo brending timsolida sifatida katta natijalarga erishdi. Biroq 2023 yilda kompaniya yana rebrendingga qoʻl urib, koʻproq klassik koʻrinishga ega boʻlgan logoni yaratdi.
London–2012 olimpiya oʻyinlari — $625,000
Olimpiada – bu nafaqat koʻlamli, balki moliyaviy jihatdan katta investitsiyalar va daromadlar keltiruvchi tadbirdir. London 2012 Olimpiya logotipiga $625,000 sarflangan boʻlib, bu Olimpiya tarixidagi eng qimmat logotip hisoblanadi. Ammo logotip omma tomonidan katta tanqidlarga uchradi. Baʼzilar uni haddan tashqari sodda deb hisoblashgan boʻlsa, boshqalar timsol Londonga xos tarixiy obidalar aks ettirmaganini tanqid qilishgan.
Yuqoridagilardan bilishimiz mumkinki, koʻp sarflandi degani bu logotip muvaffaqiyatli boʻladi, degani emas. Kompaniya hajmiga nisbatan juda arzonga tushgan logotiplar ham mavjud.
Nike – $35
Nike logotipi dizayner Carolyn Davidson tomonidan yaratilgan va atigi $35 ga tushgan. Oddiy Swoosh dizayni sport bilan bogʻliq tezlik va kuchni ifodalaydi.
Google – $0
Google logotipi kompaniya asoschilaridan biri Sergey Brin va ichki dizaynerlari tomonidan hech qanday xarajat qilmasdan yaratilgan. Bu logotip texnologik yangilik va qulaylikni aks ettiradi.
Coca-Cola – $0
Coca-Cola logotipi kompaniya asoschisi tomonidan yaratilgan va bu uchun qoʻshimcha xarajat qilinmagan. Klassik shrift va qizil rang brendni mashhurligiga juda katta hissa qoʻshgan.