Davlat 9 kompaniyadagi ulushini 477 mlrd soʻmga sotuvga qoʻydi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir vaqtning oʻzida toʻqqizta aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushlarini sotmoqda. Paketlarning jami boshlangʻich narxi 476,9 mlrd soʻmni tashkil etadi, eng qimmat aktiv esa 197,5 mlrd soʻmga baholangan “Oʻzagrosugʻurta”dir.

“Toshkent” fond birjasining maxsus savdo platformasidagi amaldagi takliflarga koʻra, davlat toʻqqizta kompaniyadagi aksiyalar paketlarini jami 476,9 mlrd soʻm boshlangʻich narxda sotuvga qoʻygan.
Eng qimmat paket — “Oʻzagrosugʻurta”ning 99,46% aksiyasi. 33 mln donadan ortiq oddiy aksiyadan iborat paketning boshlangʻich narxi 197,5 mlrd soʻm etib belgilangan. Taklif 24 sentabrgacha amal qiladi.
Keyingi yirik paket “Buxoroneftgazparmalash”ga tegishli. Kompaniyaning 51,27% aksiyasi 92,2 mlrd soʻmga baholangan. “Suvmash”ning 47% ulushi — 58,6 mlrd soʻm, “Qashqadaryo texnologik transport”ning 48,66% ulushi esa 51 mlrd soʻm boshlangʻich narxda sotilmoqda.
Bundan tashqari, davlat “Qurilishmashlizing”ning 97,68% ulushini 35,1 mlrd soʻmga, “OʻZVAGONTAʼMIR”ning 39% aksiyasini 29,85 mlrd soʻmga va “Issiqlikelektrloyiha”ning 22,28% ulushini 9,96 mlrd soʻmga taklif qilmoqda.
“UzMED-lizing”dagi 83,33% davlat ulushi 2,12 mlrd soʻmga, “Podʼyomnik”dagi 9,78% paket esa qariyb 550 mln soʻmga baholangan.
Sotuvdagi aktivlar orasida “Buxoroneftgazparmalash”ning bahosi alohida eʼtibor tortadi. Kompaniyaning 2026 yil birinchi yarim yilligi oxiridagi jami aktivlari 92,6 mlrd soʻm, oʻz kapitali esa 84,3 mlrd soʻmni tashkil etgan. Davlat kompaniyaning atigi 51,27% aksiyasini 92,2 mlrd soʻmga baholamoqda.
Bu narxdan kelib chiqilsa, “Buxoroneftgazparmalash”ning 100% aksiyalari qiymati qariyb 180 mlrd soʻmga teng boʻladi. Bu kompaniyaning balansdagi oʻz kapitalidan qariyb 2,1 barobar yuqori.
Ayni paytda kompaniyaning moliyaviy natijalari pasaygan. 2026 yilning birinchi yarmida “Buxoroneftgazparmalash” 52,9 mlrd soʻm sof tushum olgan — bir yil avval bu koʻrsatkich 71,3 mlrd soʻm edi. Sof foyda esa 3,58 mlrd soʻmdan 2,21 mlrd soʻmga, yaʼni qariyb 38%ga kamaygan.
Savdodagi paketlarning muddati bir xil emas. “Suvmash”, “OʻZVAGONTAʼMIR” va “Issiqlikelektrloyiha” boʻyicha takliflar 18 sentabrda, “Oʻzagrosugʻurta”, “Buxoroneftgazparmalash”, “Qashqadaryo texnologik transport” va “Podʼyomnik” boʻyicha esa 24 sentabrda yakunlanadi. “Qurilishmashlizing” va “UzMED-lizing” boʻyicha arizalar 13 oktabrgacha qabul qilinadi.









