ChatGPT’dagi yozishmalar maxfiy emas va ular sudga taqdim etilishi mumkin — OpenAI rahbari Sem Altman
OpenAI bosh direktori Sem Altmanning taʼkidlashicha, ChatGPT bilan olib borilgan yozishmalar yuridik jihatdan himoyalanmagan boʻlib, ular sud jarayonlarida foydalanilishi mumkin.

OpenAI bosh direktori Sem Altman ChatGPT orqali olib borilgan yozishmalar yuridik jihatdan himoyalanmaganligini va sud jarayonlarida oshkor qilinishi mumkinligini maʼlum qildi. Bu haqda Business Insider xabar berdi.
Bugungi kunda, ayniqsa yoshlar orasida, ChatGPT’dan psixologik, tibbiy yoki moliyaviy masalalarda maslahat olish uchun foydalanish holatlari ortib bormoqda.
Biroq, Teo Vonning podkastida kompaniya asoschisi bu kabi suhbatlar terapevt, yurist yoki shifokor bilan boʻladigan suhbatlar kabi yuridik maxfiylikka ega emasligini tan oldi.
"Agar siz terapevt, huquqshunos yoki shifokor bilan gaplashsangiz, u suhbatlar yuridik jihatdan himoyalanadi. ChatGPT bilan boʻlgan suhbatlarda esa bu tizim hali ishlab chiqilmagan", — dedi Altman.
U yana quyidagicha qoʻshimcha qildi: "Agar siz eng shaxsiy maʼlumotlaringizni ChatGPT bilan baham koʻrsangiz va keyinchalik sud jarayoni boshlansa, biz bu maʼlumotlarni taqdim etishga majbur boʻlishimiz mumkin".
Altman bu kabi holatlarni tartibga soluvchi huquqiy asos zarurligini taʼkidladi. Unga koʻra, Altman bilan suhbatlashgan siyosatchilar bu masalani zudlik bilan hal qilish lozimligiga qoʻshilishgan.
Shuningdek, Altman sunʼiy intellekt tobora keng tarqalayotgan bir paytda, global kuzatuv kuchayib borayotganidan ham xavotirda ekanligini bildirdi.
"Dunyoda sunʼiy intellekt qancha koʻp ishlatilsa, shuncha koʻp davlatlar uning ustidan nazorat oʻrnatishga urinadi", — dedi u. "Men jamoat xavfsizligi yoʻlida maxfiyligimning bir qismini qurbon qilishga tayyorman, lekin tarix shuni koʻrsatadiki, davlatlar bu borada haddan oshadi. Bu esa meni jiddiy xavotirga solmoqda".
Bundan tashqari, 2024 yil iyul oyida AQSh Federal sudi OpenAI kompaniyasini ChatGPT foydalanuvchilarining barcha suhbat jurnallarini, hatto foydalanuvchi oʻchirgan yoki “vaqtinchalik” deb belgilagan boʻlsa ham, saqlab qolishga majbur qiluvchi qaror chiqardi. Mazkur qaror The New York Times tomonidan berilgan mualliflik huquqini buzish haqidagi daʼvo asosida chiqarilgan.
Bu esa foydalanuvchilar tarixidan oʻchirgan chatlar ham aslida toʻliq yoʻq qilinmasligini anglatadi. Kompaniya agar sud ularni talab qilsa, maʼlumotlarni tegishli organlarga taqdim etishga majbur boʻladi.
Biroq, OpenAI rasmiy sayti va ChatGPT ilovasida keltirilishicha, foydalanuvchi oʻchirib yuborgan suhbatlar 30 kungacha saqlanishi, keyinchalik esa butunlay yoʻq qilinishi taʼkidlangan.