Buyuk Britaniya Oʻzbekistondagi toʻrtta kompaniyani sanksiyalar roʻyxatiga kiritdi
Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar roʻyxatini kengaytirdi. Yangilangan roʻyxatga Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan toʻrtta kompaniya va bir nafar tadbirkor kiritildi. Ularga nisbatan moliyaviy va biznes cheklovlari joriy etilishi belgilangan.

Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar roʻyxatini kengaytirdi. Bu haqda hukumatning rasmiy saytida eʼlon qilingan hujjatda maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, yangilangan roʻyxatga 24 nafar yangi shaxs va tashkilot kiritilgan. Ular orasida Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi toʻrtta kompaniya va bir nafar tadbirkor ham bor.
Sanksiyalar doirasida ushbu shaxs va tashkilotlarning Buyuk Britaniya hududidagi bank hisobvaraqlari muzlatiladi, shuningdek, ularga nisbatan qoʻshimcha moliyaviy va biznes cheklovlari joriy etiladi.
Hujjatga koʻra, cheklovlar Fargʻona kimyo zavodi, Gelion Business Trade, Chemistry International va Raw Materials Cellulose kompaniyalariga, shuningdek, Toshkentda tugʻilgan tadbirkor Rustam Moʻminovga tatbiq etilgan.
Eng qatʼiy choralar Fargʻona kimyo zavodiga nisbatan qoʻllangan. Britaniya rasmiylari korxonaning moliyaviy aktivlarini muzlatgan hamda unga nisbatan trast (ishonchli boshqaruv) xizmatlarini koʻrsatishni taqiqlagan.
London versiyasiga koʻra, ushbu zavod Ukraina suverenitetiga putur yetkazishda foydalanilishi mumkin boʻlgan mahsulot yoki texnologiyalarni yetkazib bergan boʻlishi ehtimoli mavjud.
Shuningdek, Toshkentda roʻyxatdan oʻtgan Gelion Business Trade kompaniyasiga ham sanksiyalar qoʻllanilgan. Rasmiy hujjatda ushbu firma Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishga xizmat qiluvchi tovarlar yetkazib berishda ishtirok etgan boʻlishi mumkinligi qayd etilgan. Xuddi shu asoslar bilan qolgan uch kompaniyaga nisbatan ham cheklovlar joriy etilgan.
Sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgan tadbirkor Rustam Moʻminov Toshkentda tugʻilgan boʻlib, hujjatga koʻra, u Oʻzbekiston, Isroil va Rossiya fuqaroligiga ega. Britaniya tomoni uni vaziyatni beqarorlashtirishga yoʻnaltirilgan boʻlishi mumkin boʻlgan moliyaviy resurslar yoki xizmatlarni taʼminlaganlikda gumon qilmoqda.
Avvalroq Pinkod Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan Trade Engine System MChJ ham sanksiyalar roʻyxatiga kiritilgani haqida xabar bergan edi.









