12 037.210 so‘m

increase

43.680

14 071.500 so‘m

increase

17.480

159.620 so‘m

increase

1.100

12 037.210 so‘m

increase

43.680

9 soat avval
Iqtisodiyot
29

Bulgʻor qalampiri, qoʻy goʻshti va chiqindi xizmati: aprel oyida eng koʻp nimalar qimmatlashdi?

2026 yil aprel oyida Oʻzbekistonda isteʼmol narxlari mart oyiga nisbatan 0,6 foizga oshdi. Oy davomida eng katta oʻsish bulgʻor qalampiri narxida kuzatilib, 10,3 foizga qimmatlashdi. 

Benzin narxi bir oyda 1,4 foizga qimmatlashgan boʻlsa, yillik hisobda 11,2 foizga oshdi. Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati narxi esa aprel oyida 2,4 foizga, yillik hisobda 28 foizga koʻtarildi. 

Shuningdek, kartoshka 6,5 foizga, olma 4,5 foizga, qoʻy goʻshti esa 3,7 foizga oshdi. 

Bulgʻor qalampiri, qoʻy goʻshti va chiqindi xizmati: aprel oyida eng koʻp nimalar qimmatlashdi?
Foto: AI/Pinkod.uz

Avvalroq 2026 yil aprel oyida Oʻzbekistonda yillik inflyatsiya inflyatsiya statistikasi eʼlon qilina boshlanganidan beri ilk bor 7 foizgacha pasaygani xabar qilingan edi. 

Shunga qaramay, oy davomida ayrim mahsulot va xizmatlar narxida sezilarli oʻsish kuzatildi. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, aprel oyida umumiy isteʼmol narxlari mart oyiga nisbatan 0,6 foizga oshgan.

Oy davomida eng sezilarli oʻsish oziq-ovqat mahsulotlarida qayd etildi. Xususan, bulgʻor qalampiri 10,3 foizga qimmatlashib, aprel oyida narxi eng koʻp oshgan mahsulotlardan biri boʻldi. Shuningdek, kartoshka 6,5 foizga, olma 4,5 foizga, qoʻy goʻshti 3,7 foizga oshgan.

Goʻsht mahsulotlari narxida ham barqaror oʻsish kuzatilgan. Aprel oyida suyakli mol goʻshti 3,2 foizga, suyaksiz mol goʻshti 3,2 foizga, goʻsht qiymasi esa 2,9 foizga qimmatlashgan. Yillik hisobda esa qoʻy goʻshti narxi 20,3 foizga, suyaksiz mol goʻshti 17,3 foizga, suyakli mol goʻshti 16,6 foizga oshgan.

Sabzavotlar orasida sabzi narxi 3,2 foizga koʻtarilgan. Bundan tashqari, shakar 2,2 foizga, tirik va sovutilgan baliq 2 foizga, oʻsimlik yogʻi oʻrtacha 0,8 foizga, sut esa 0,4 foizga qimmatlashgan.

Shu bilan birga, aprel oyida ayrim mahsulotlar narxi pasaygan. Eng katta pasayish bodring narxida kuzatildi — bir oyda 26,1 foizga arzonlashgan. Shuningdek, tuxum 3,6 foizga, koʻkatlar 3,3 foizga, piyoz 2,7 foizga, pomidor 2,4 foizga, karam 2,4 foizga, banan 1,3 foizga, guruch va guruch oqshogʻi 1,1 foizga arzonlashgan. Parranda goʻshti narxi ham turiga qarab 1,2–1,3 foiz oraligʻida pasaygan.

Kommunal va uy-joy bilan bogʻliq xizmatlarda ham oʻsish bor. Aprel oyida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmati 2,4 foizga qimmatlashgan. Bu xizmat narxi yillik hisobda 28 foizga oshgan. Uy-joy ijarasi 0,6 foizga, turar joy binolariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash materiallari esa 0,7 foizga qimmatlashgan. Shu bilan birga, toshkoʻmirning bozor narxi oy davomida 0,7 foizga pasaygan.

Transport sohasida benzin narxi oʻrtacha 1,4 foizga oshgan. Jumladan, AI-92 markali benzin 1,6 foizga, AI-95 esa 0,9 foizga qimmatlashgan. Metan 0,7 foizga, shahar avtobuslarida yoʻl haqi 1,6 foizga, uzoq masofaga qatnovchi poyezdlar chiptasi 1,4 foizga oshgan. Xalqaro aviaqatnovlar 2,6 foizga, ichki aviaqatnovlar esa 2,3 foizga qimmatlashgan. Aksincha, propan narxi 2,8 foizga arzonlashgan.

Xizmatlar kesimida sogʻliqni saqlash yoʻnalishida ham narx oʻsishi kuzatilgan. Diagnostik vizualizatsiya va tibbiy laboratoriyalar xizmatlari 0,6 foizga, koʻz uchun yordamchi mahsulotlar 0,6 foizga, stomatologik xizmatlar esa 0,3 foizga qimmatlashgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+