Boʻlajak trillionerlar: Mask, Sukerberg, Xuang va boshqalar
Dunyodagi 3,6 mlrd aholi hali ham kuniga 7 dollardan kam mablagʻ bilan yashayotgan bir paytda keyingi oʻn yillikda dunyo 13 xonali boylikka ega boʻlgan besh trillionerni koʻrishi kutilmoqda.
![Boʻlajak trillionerlar: Mask, Sukerberg, Xuang va boshqalar](https://cp.pincode.uz/media/CACHE/images/trillionaires.a774339acea7.webp)
Oxfam tashkilotining soʻnggi tadqiqotlariga koʻra, trillioner maqomiga erishishi mumkin boʻlgan ultra-boy shaxslar soni bittadan beshtaga oshgan. Bu prognoz dunyoning elita qatlamida boylik yigʻilishining keskin tezlashayotganini aks ettiradi.
Milliarder boyligi tez oʻsmoqda
Faqatgina 2024 yilning oʻzida milliarderlarning boyligi oldingi yilga qaraganda uch baravar tez oʻsdi. Bunga sunʼiy intellekt va sunʼiy yoʻldosh sohalaridagi yutuqlar hamda Tramp prezidentligining ikkinchi davrida amalga oshirilayotgan “tartibga solishni yengillashtiruvchi” siyosat sabab boʻldi.
Biroq, bu farovonlik global qashshoqlik muammolari bilan keskin kontrast, yaʼni farqni hosil qiladi. Jahon bankining Qashshoqlik va tengsizlik platformasi maʼlumotlariga koʻra, hali ham 3,6 milliard odam kuniga $7 dan kam mablagʻ bilan yashaydi va bu koʻrsatkich 1990 yildan beri deyarli oʻzgarmagan. Oxfam global iqtisodiy tizimni qayta shakllantirishga chaqirmoqda.
Trillioner boʻlishi mumkin boʻlgan shaxslar kimlar?
1. Ilon Mask
Dunyoning eng boy odami — Ilon Maskning birinchi boʻlib trillion dollarlik boylikka erishishi hech kimni ajablantirmaydi. Tesla kompaniyasi bosh direktori yangi prezident bilan yaqin munosabatlar oʻrnatgani tufayli oʻz boyligini keskin oshirib oldi. Mutaxassislar keyingi besh yil davomida unga nisbatan qulay siyosat yuritilishini kutishmoqda.
Ular allaqachon Trampning elektromobillarga boʻlgan munosabatini oʻzgartirgani va Maskning SpaceX uchirish maydonchalariga tashrif buyurganini qayd etishgan. Oʻtgan yilning oʻzidayoq Maskning sof boyligi 219 milliard dollardan 449 milliard dollargacha, yaʼni 105 foizdan ziyodga oʻsdi.
2. Jeff Bezos
Amazon asoschisi Jeff Bezos ham trillioner maqomiga erishishi mumkin boʻlgan daʼvogar hisoblanadi. Koʻpgina oʻta boyib ketgan tengdoshlari singari Bezosning boyligidagi keskin oʻsish nafaqat texnologiyalarga, balki aynan sunʼiy intellektga ham bogʻliq. Bezos Amazon’ning 10 foizdan kamrogʻiga egalik qiladi. Kompaniya Alexa kabi mahsulotlarni va oʻzining dorixona hamda chakana savdo yoʻnalishlaridagi mijozlarga xizmat koʻrsatishni takomillashtirish uchun sunʼiy intellektga katta mablagʻ sarflamoqda.
Bundan tashqari, Bezos xususiy sektor kosmik poygasiga kirdi va oʻzining Blue Origin raketa kompaniyasi Amazon’dan ham kattaroq boʻlishini kutmoqda. Bezosning boyligi oʻtgan yili 35 foizdan koʻproq oʻsib, 181 milliard dollardan 245 milliard dollargacha yetdi.
3. Mark Sukerberg
Meta asoschisi va bosh direktori Mark Sukerberg oʻzining Metaverse sarguzashtlaridan cheklanib, sunʼiy intellektga koʻproq eʼtibor qarata boshlagani investorlarni mamnun qildi. Magnificent 7 kompaniyasi OpenAI’ning ChatGPT’siga raqobatchi boʻlishi mumkin boʻlgan generativ sunʼiy intellekt modellari Llama va keyinchalik Llama 2 hamda 3 ni chiqardi. Ushbu innovatsiyalar natijasida Meta aksiyalari oʻtgan yil davomida 60 foizdan koʻproqqa oʻsdi.
Kompaniyaning eng yirik aksiyadori boʻlgan Sukerbergning boyligi ham shunga mos ravishda 138 milliard dollardan 217 milliard dollargacha yetdi.
4. Jenson Xuang
Nvidia bosh direktori va asoschisi Jenson Xuang 2028 yilgacha trillionerlar qatoriga qoʻshilishi kutilmoqda. Nvidia sunʼiy intellekt apparatlari bozorida yetakchi boʻlib, Xuangning boyligi $117 milliardga yetdi. Hozirda Nvidia mahsulotlari yuqori unumdorlikka ega kompyuter grafikasi, avtonom transport vositalari va ilmiy tadqiqot sohalarida keng qoʻllanmoqda. Bu esa kompaniyaning oʻsishini yanada tezlashtirishga xizmat qilmoqda. Kompaniyaning aksiyalari oʻtgan yili 175 foizga yuqoriladi va bu 3,5 foizlik aksiyalarga egalik qiluvchi Xuongni eng koʻp boyigan milliarderlar qatoriga qoʻshdi.
5. Bernar Arno
LVMH kompaniyasining rahbari Bernar Arno dunyoning eng boy odamlari qatorida yetakchi boʻlib qolmoqda. Arno global miqyosda hashamatli mahsulotlar bozorida oʻzining keng portfeli bilan mashhurdir. Tiffany & Co, Veuve Clicquot, va Louis Vuitton kabi yuqori darajadagi brendlar Arno boshqaruvidagi LVMH guruhiga kiradi. Bu kompaniyalar nafaqat hashamatli tovarlarni ishlab chiqaradi, balki ularni global bozorda yetakchi sifatida saqlash uchun innovatsiyalar va brend oʻziga xosligini doimiy ravishda oshirib boradi. Arno va uning oilasi dunyoning eng yirik hashamatli mahsulotlar imperiyasini boshqarib kelmoqda. LVMH kompaniyasining xalqaro bozordagi mustahkam mavqei va kengayish surʼatlari tufayli Arno oilasining umumiy boyligi 2030 yilgacha trillion dollar chegarasini oshib oʻtishi kutilmoqda.
Milliarderlarning trillionerlarga aylanishi yaxshilikka olib keladimi yoki yoʻq, hozircha nomaʼlum, lekin bu maqomi uchun poyga allaqachon boshlanib boʻlgan.