12 067.760 so‘m

decrease

-70.910

14 141.000 so‘m

decrease

-35.750

145.640 so‘m

increase

0.280

12 067.760 so‘m

decrease

-70.910

24-sentabr, 14:40
Iqtisodiyot

Boeingʼdan Blackrockʼgacha: Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida qanday bitimlar imzolandi?

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashdi. 

Suhbatda Boeing, Citigroup, Cargill, Cleveland Clinic, Oppenheimer, FLSmidth, SLB kabi gigantlar ishtirok etdi.

Uchrashuv yakunida bir necha muhim shartnomalar imzolandi.

Boeingʼdan Blackrockʼgacha: Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida qanday bitimlar imzolandi?
Foto: AI / Pinkod.uz

Oʻzbekiston Prezidenti AQShning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan keng qamrovli davra suhbati oʻtkazdi.

Mazkur uchrashuvda Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Serjio Gor, global sherikliklar boʻyicha maxsus vakil Paolo Zampolli, AQSh Savdo vaziri oʻrinbosari Uilyam Kimmitt hamda Amerika–Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm ishtirok etdi.

Shuningdek, Franklin Templeton, Citigroup, BNY Mellon, NASDAQ, Boeing, Mastercard, Visa, General Motors, Nvidia, Oppenheimer, Jefferies, Air Products, Traxys, FLSmidth, GoGreen Partners, Cleveland Clinic, Cargill kabi dunyo miqyosida tan olingan yirik kompaniyalar rahbarlari va top-menejerlari, shuningdek, Oʻzbekistonning yetakchi korxonalarining vakillari tadbirda qatnashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan yaqinda boʻlib oʻtgan muloqot tafsilotlariga alohida toʻxtaldi. Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan salmoqli va amaliy loyihalar portfelini shakllantirish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. 

Shu munosabat bilan, davra suhbatida ushbu kelishuvlarni amalda roʻyobga chiqarish, yangi tashabbuslarni ilgari surish va oʻzaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishda alohida ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada kengaydi. Xususan, tovar ayirboshlash hajmi 8 yil ichida qariyb 4 barobar oshdi, bu esa ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning barqaror rivojlanayotganidan dalolat beradi. Hozirgi kunda AQShning 300 dan ortiq kompaniyasi mamlakat bozoriga kirib kelib, turli sohalarda sarmoya kiritmoqda va faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, Franklin Templeton bilan hamkorlikda Milliy investitsiya jamgʻarmasi tashkil etilgani Oʻzbekistonning xalqaro moliya maydonida oʻz mavqeini mustahkamlashiga xizmat qilmoqda.

Uchrashuv yakunlarida Prezident Shavkat Mirziyoyev va AQSh Prezidentining maxsus vakili Serjio Gor huzurida ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi boʻlib oʻtdi. 

Bu marosim doirasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.

Jumladan:

  • Oʻzbekiston Transport vazirligi va Boeing kompaniyasi oʻrtasida transport sohasida uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida bitim (22 ta Boeing uchoqlari);
  • Texnopark korxonasi va FLSmidth kompaniyasi oʻrtasida togʻ-kon uskunalarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisida bitim;
  • Akfa Group va Cleveland Clinic oʻrtasida koʻp tarmoqli klinika hamda taʼlim muassasasini barpo etish boʻyicha bitim;
  • Centrum Air aviakompaniyasi va Oppenheimer investitsiya kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro sheriklikni rivojlantirish boʻyicha bitim;
  • Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Citigroup kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
  • Oʻzbekgidroenergo va Cargill Financial Services International kompaniyasi oʻrtasida moliyaviy hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
  • Oʻztransgaz va Pangea Filtration Technology kompaniyasi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha bitim;
  • Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Cove Capital kompaniyasi oʻrtasida istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish toʻgʻrisida bitim;
  • Yangi Kon korxonasi va SLB kompaniyasi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha bitim;
  • Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi bilan Biologic International kompaniyasi oʻrtasida sunʼiy intellekt va biotexnologiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun jamgʻarmalar tashkil etish boʻyicha bitim.

Shuningdek, Oʻzbekistonda AQShning Blackrock investitsiya kompaniyasi bilan qoʻshma fond tashkil etilishi ham kelishib olindi. Bundan tashqari, energetika va transport sohalarida sheriklikni kengaytirish rejalashtirilgani alohida qayd etildi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2025 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+