Banklarda muammoli kreditlar hajmi bir oyda 2 trln soʻmdan koʻproqqa oshdi
2026 yil aprel oyida bank tizimida muammoli kreditlar hajmi 2 trln soʻmdan koʻproqqa oshib, 21,9 trln soʻmga yetdi.
Bir oy ichida muammoli kreditlar eng koʻp “Oʻzmilliybank”da oshgan — 484,8 mlrd soʻm. “Kapitalbank”da NPL hajmi 439,2 mlrd soʻmga, “Agrobank”da 351,2 mlrd soʻmga, Madad Invest bankʼda 285,5 mlrd soʻmga, Orient Finance bankʼda esa 181,8 mlrd soʻmga koʻpaygan.
Ayniqsa, Madad Invest bankʼda (My bank) muammoli kreditlar ulushi bir oy ichida 2,7 foizdan 50,8 foizga keskin oshgani eʼtiborli boʻldi.

2026 yil 1 may holatiga tijorat banklaridagi muammoli kreditlar hajmi 21,9 trln soʻmga yetdi. Bir oy avval bu koʻrsatkich 19,9 trln soʻm boʻlgan. Shu tariqa, aprel oyida bank tizimidagi NPL hajmi 2,06 trln soʻmga yoki 10,4 foizga oshgan.
Tijorat banklarining jami kredit portfeli esa shu davrda 623,3 trln soʻmdan 629 trln soʻmga koʻtarilgan. Oʻsish 5,7 trln soʻm yoki 0,9 foizni tashkil etgan. Yaʼni kredit portfeli sekin surʼatda kengaygan bir paytda, muammoli kreditlar nisbatan tezroq oshgan.
Natijada muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi 1 apreldagi 3,19 foizdan 1 mayda 3,48 foizga koʻtarildi. Bu bir oy ichida NPL ulushi qariyb 0,3 foiz punktga oshganini anglatadi.
Davlat banklarida NPL hajmi katta, boshqa banklarda oʻsish tezroq
Davlat ulushi mavjud banklarda muammoli kreditlar 14,3 trln soʻmdan 15,1 trln soʻmga oshdi. Ularning kredit portfelidagi NPL ulushi 3,44 foizdan 3,62 foizga koʻtarilgan.
Boshqa banklarda esa muammoli kreditlar 5,57 trln soʻmdan 6,82 trln soʻmga yetgan. Bu segmentda NPL hajmi bir oyda 22,5 foizga oshgan. Taqqoslash uchun, davlat ulushi mavjud banklarda bu oʻsish 5,6 foizni tashkil qilgan.
Umumiy NPL oʻsishining qariyb 61 foizi aynan boshqa banklar hissasiga toʻgʻri kelgan. Bu esa muammoli kreditlar boʻyicha bosim faqat yirik davlat banklarida emas, xususiy va xorijiy kapital ishtirokidagi banklarda ham kuchayayotganini koʻrsatadi.
Eng katta muammoli kredit hajmi qaysi banklarda?
1 may holatiga eng katta NPL hajmi “Oʻzmilliybank”da qayd etilgan — 3,57 trln soʻm. Undan keyingi oʻrinlarda “Agrobank” — 3,15 trln soʻm, “Oʻzsanoatqurilishbank” — 2,27 trln soʻm, “Asaka bank” — 1,69 trln soʻm va “Kapitalbank” — 1,49 trln soʻm bilan joylashgan.
Bir oy ichida muammoli kreditlar eng koʻp “Oʻzmilliybank”da oshgan — 484,8 mlrd soʻm. “Kapitalbank”da NPL hajmi 439,2 mlrd soʻmga, “Agrobank”da 351,2 mlrd soʻmga, Madad Invest bankʼda 285,5 mlrd soʻmga, Orient Finance bankʼda esa 181,8 mlrd soʻmga koʻpaygan.
Ayrim banklarda esa muammoli kreditlar kamaygan. Jumladan, “Oʻzsanoatqurilishbank”da NPL hajmi 79,1 mlrd soʻmga, “Poytaxt bank”da 34,6 mlrd soʻmga, “Turon bank”da 25,8 mlrd soʻmga, Garant bankʼda esa 24,7 mlrd soʻmga qisqargan.
NPL ulushi eng yuqori banklar
Muammoli kreditlarning kredit portfelidagi ulushi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkich Madad Invest bankʼda qayd etilgan — 50,8 foiz. Ulushi bir oy ichida 2,7 foizdan 50,8 foizgacha keskin oshgan.
Keyingi oʻrinlarda “Poytaxt bank” — 10,8 foiz, Garant bank — 10,3 foiz, TBC bank — 8,4 foiz, AVO bank — 6,3 foiz va Anor bank — 5,8 foiz bilan joylashgan.
Shu bilan birga, ayrim banklarda NPL darajasi juda pastligicha qolmoqda. KDB Bank O‘zbekiston va Oktobankʼda 1 may holatiga muammoli kreditlar koʻrsatkichi 0 foiz boʻlgan. Apeks bankʼda bu koʻrsatkich 0,04 foiz, Uzum bankʼda esa 0,12 foizni tashkil etgan.









