Banklarda mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 30 foizgacha tushdi
16 fevral holatiga koʻra, mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 30 foizgacha tushib, 2025 yil iyulidan beri eng past darajani qayd etdi.
Eng arzon mikroqarzlar Aloqabank (24,1%), Trastbank (24,6%) va Infinbank (25,1%)da, eng yuqori stavkalar esa Tenge Bank (42,6%), Anorbank (41,6%) hamda AVO Bank (39,9%)da qayd etilgan.

Markaziy bank banklar kesimida mikroqarzlar va avtokreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkalarini eʼlon qildi. Unga koʻra, mazkur mikroqarz boʻyicha foiz stavkasi maʼlumotlar eʼlon qilina boshlanganidan beri eng past darajaga tushgan.
Umumiy koʻrsatkichlarga nazar tashlasak, jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlar (mikroqarzlar bundan mustasno) oʻrtacha 22,4% ni, yuridik shaxslar uchun esa 22,7% ni tashkil etmoqda.
Mikroqarzlar
Mikroqarzlar boʻyicha oʻrtacha stavka 16 fevral holatiga koʻra, 30 foizgacha pasaydi. Bu statistika eʼlon qilina boshlangandan keyingi davr uchun eng past koʻrsatkichdir. 2025 yil Iyul oyi boshidan maʼlumotlar eʼlon qilina boshlangan. Hozirga kelib bu koʻrsatkich 5,4 foizga pasaydi.
Xususan, eng past foiz stavkalari “Aloqabank” (24,1%), “Trastbank” (24,6%) va “Infinbank” (25,1%) hissasiga toʻgʻri keladi.

Eng baland foiz stavkasi esa Tenge bank’da 42,6 foiz bilan kuzatilgan. Anorbank va AVO Bank’da ham nisbatan baland stavkalarda mikroqarz ajratilgan — mos ravishda 41,6% va 39,9%.
Avtokreditlar
16 fevral holatiga koʻra, banklardagi avtokreditlarning oʻrtacha yillik foiz stavkasi 23,6 foizni tashkil etmoqda.
Bu yoʻnalishda eng jozibador takliflar “Infinbank” (18,1%) va “Ipoteka-bank” (19,9%) tomonidan taqdim etilayotgan boʻlsa, eng yuqori koʻrsatkichlar “Mikrokreditbank” (27,5%) va “Madad Invest bank” (27,9%) da qayd etilgan.









