12 141.940 so‘m

increase

26.970

14 289.850 so‘m

increase

29.320

162.630 so‘m

increase

0.560

12 141.940 so‘m

increase

26.970

6 соат аввал
Bank
43

Banklar endilikda 175 mln soʻmdan yuqori operatsiyalarda mijozlarni tekshirishni kuchaytiradi

Hujjat bilan banklar endlikda hisobvaraq ochmasdan amalga oshiriladigan 175 mln soʻmdan yuqori ayrim operatsiyalarni nazorat qiladi. Amaldagi tartibga koʻra bu miqdor 206 mln soʻmni tashkil qilar edi. Yangi tartib 2026 yil 9 avgustidan boshlab kuchga kiradi.

Banklar endilikda 175 mln soʻmdan yuqori operatsiyalarda mijozlarni tekshirishni kuchaytiradi
Foto: AI/Pinkod.uz

Oʻzbekistonda tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga oʻzgartirishlar kiritildi.

Adliya vazirligida 8 may kuni roʻyxatdan oʻtkazilgan hujjatga koʻra, banklar tomonidan ayrim yirik operatsiyalar boʻyicha mijozlarni lozim darajada tekshirish va tranzaksiyalarni kuzatish talablari aniqlashtirilmoqda.

Xususan, bank hisobvaragʻi ochilmasdan yoki undan foydalanmasdan amalga oshiriladigan operatsiyalar boʻyicha mezon oʻzgartiriladi. Amaldagi BHMning 500 baravari oʻrniga qatʼiy 175 mln soʻm miqdoridagi chegara belgilanmoqda. Ushbu summadan oshgan operatsiyalar boʻyicha banklar mijozni lozim darajada tekshirishi kerak boʻladi.

Shuningdek, hujjatda eskrou hisobvaraqlar orqali amalga oshirilgan koʻchmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisi boʻyicha operatsiyalar alohida istisno sifatida belgilanmoqda. 

Xususan, bank kartalari yoki elektron hamyonlar orqali 30 kun ichida yirik summadagi mablagʻlar oʻtkazilishi yoki kelib tushishi odatda shubhali operatsiya mezonlariga kiradi. Biroq koʻchmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisi boʻyicha eskrou hisobvaraqlar orqali rasmiylashtirilgan operatsiyalar ushbu mezondan mustasno qilinadi.

Hujjat bilan pul oʻtkazmalarida joʻnatuvchi va oluvchi haqidagi maʼlumotlar tarkibi ham aniqlashtirilmoqda. Joʻnatuvchi boʻyicha uning nomi, manzili, STIR yoki mijoz identifikatsiya raqami, hisobvaraq raqami yoki operatsiyani kuzatish imkonini beruvchi xos raqam koʻrsatilishi kerak. Jismoniy shaxslar uchun esa ism-familiya, otasining ismi, pasport yoki ID-karta maʼlumotlari, tugʻilgan sanasi va yashash joyi ham talab qilinadi.

Ichki toʻlovlar va pul oʻtkazmalari boʻyicha ham alohida talab belgilanmoqda. BHMning 28 baravariga teng yoki undan oshgan summadagi ichki toʻlov va oʻtkazmalarda joʻnatuvchi hamda oluvchi haqidagi maʼlumotlar xalqaro pul oʻtkazmalaridagi kabi aks ettirilishi kerak boʻladi.

Banklar bank kartasi orqali tovar yoki xizmatlar uchun toʻlov amalga oshirilganda karta raqamini joʻnatuvchi moliyaviy muassasadan oluvchi moliyaviy muassasagacha kuzatib borish imkoniyatini taʼminlashi shart. Shuningdek, mamlakat ichida va xorijda naqd pul yechib olish bilan bogʻliq operatsiyalarda ham bank hisobvaragʻi yoki karta raqami haqidagi maʼlumotlar taqdim etilishi kerak.

16 yoshga toʻlmagan shaxsning hisobvaragʻidan ikki ish kuni davomida BHMning 40 baravaridan ortiq summadagi mablagʻlarni kirim qilish, chiqim qilish yoki yechib olish bilan bogʻliq operatsiyalar shubhali operatsiyalar qatoriga kiritilmoqda.

Bundan tashqari, 30 kundan oshmagan muddat davomida BHMning 1000 baravariga teng yoki undan oshadigan mablagʻlarning FATF tomonidan kuchaytirilgan monitoring ostidagi davlatlardan kelib tushishi yoki bunday davlatlarga oʻtkazilishi ham shubhali operatsiya sifatida baholanadi.

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar hisobvaraqlaridan tovarlar importi uchun chiqarilgan xorijiy valyuta boʻyicha shartnoma predmeti xizmat koʻrsatishga oʻzgartirilsa yoki debitor qarzdorlik xizmat koʻrsatish orqali soʻndirilsa, uning qiymati BHMning 5000 baravariga teng yoki undan oshgan hollarda bunday operatsiya ham shubhali deb qaraladi.

Shubhali operatsiyalar boʻyicha banklar maxsus vakolatli davlat organiga xabar yuborganidan soʻng 10 ish kunidan oshmagan muddatda kompleks tahlil choralarini koʻrishi kerak boʻladi. 

Bunda operatsiya ishtirokchilari, mablagʻlarning kelib chiqish manbalari, tranzaksiya tuzilmasi, geografiyasi, vaqti va hajmi, shuningdek tomonlar oʻrtasidagi affillanganlik yoki benefitsiar bogʻliqliklar oʻrganiladi.

Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+