12 024.400 so‘m

increase

7.360

13 642.880 so‘m

decrease

-69.760

160.410 so‘m

decrease

-0.220

12 024.400 so‘m

increase

7.360

6 soat avval
Bank
145

Bank siri, naqd pulga qaytish va ishonch: P2P-oʻtkazmalar boʻyicha loyiha jamoatchilik eʼtiroziga uchramoqda

Soliq qoʻmitasining banklardan fuqarolarning hisobvaraqlari, omonatlari va yirik P2P-oʻtkazmalari haqidagi maʼlumotlarni olishni nazarda tutuvchi loyihasi jamoatchilikning keskin eʼtirozlariga sabab boʻldi.

Muhokama ishtirokchilari tashabbus bank sirini zaiflashtirishi, aholini naqd pulga qaytarishi hamda soliq organlariga haddan tashqari keng vakolat berishidan xavotir bildirmoqda.

Pinkod mazkur loyiha yuzasidan bildirilgan asosiy eʼtirozlarning ayrimlarini bir joyga jamladi.

Bank siri, naqd pulga qaytish va ishonch: P2P-oʻtkazmalar boʻyicha loyiha jamoatchilik eʼtiroziga uchramoqda
Foto: AI/Pinkod.uz

Soliq qoʻmitasi banklar va soliq organlari oʻrtasida axborot almashish tartibini yangilashni taklif qilmoqda.

Loyihaga koʻra, jismoniy shaxsning bank kartasi yoki elektron hamyoniga bir kalendar oyida boshqa shaxslardan jami 500 BHMdan ortiq mablagʻ kelib tushsa, banklar bu haqdagi maʼlumotlarni soliq organlariga avtomatik ravishda taqdim etishi mumkin.

Bunda pulni qabul qilgan shaxsning oʻzi bilan birga, unga mablagʻ yuborgan shaxslarning JShShIRi, bank kartasi yoki elektron hamyoniga oid maʼlumotlar hamda oʻtkazmalar summasi yuborilishi nazarda tutilgan.

Loyihada bank hisobvaraqlari, omonatlar va boshqa operatsiyalar boʻyicha maʼlumot almashish, shuningdek, zarurat tugʻilganda soliq organlari tomonidan qoʻshimcha axborot talab qilish imkoniyati ham belgilangan.

Tashabbusning asosiy maqsadi shaxsiy kartalar orqali amalga oshirilayotgan yashirin tadbirkorlikni aniqlash, soliqqa tortilmayotgan daromadlarni nazoratga olish va soliqdan boʻyin tovlashning oldini olishdan iborat.

Biroq jamoatchilik muhokamasida qoldirilgan izohlarning deyarli barchasi salbiy mazmunda. Fuqarolar loyihani bekor qilish, qayta ishlash yoki bank maʼlumotlarini faqat sud qarori va aniq qonuniy asos mavjud boʻlganda olishni talab qilmoqda.

Konstitutsiyaga zidlik haqidagi eʼtirozlar

Muhokamada eng koʻp tilga olingan masala Konstitutsiyaning 41-moddasi boʻldi.

Mazkur moddada har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli ekani, bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlar sir tutilishi qonun bilan kafolatlanishi belgilangan.

Izoh mualliflarining fikricha, fuqarolarning bank operatsiyalari haqidagi maʼlumotlarni alohida soʻrov, aniq huquqbuzarlik yoki individual tekshiruvsiz avtomatik ravishda soliq organlariga yuborish ushbu kafolatni amalda zaiflashtiradi.

Ayrim ishtirokchilar Konstitutsiyaning shaxsiy hayot daxlsizligi va shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilishga oid normalariga ham murojaat qilgan. Ularning taʼkidlashicha, fuqaroning qancha pul olishi, kimdan mablagʻ qabul qilishi va kimga pul yuborishi uning shaxsiy moliyaviy hayotiga oid maʼlumot hisoblanadi.

Shu sababli faqat oʻtkazmalar umumiy summasining maʼlum chegaradan oshishi fuqaroni avtomatik ravishda soliq nazorati obʼektiga aylantirish uchun yetarli asos boʻla olmaydi.

Muhokama qatnashchilaridan biri bunday maʼlumotlardan foydalanishga “sud qarorisiz hech qanday ruxsat boʻlmasligi kerak”ligini taʼkidlagan.

Hukumat qarori bilan yangi vakolat berilishi mumkinmi?

Foydalanuvchilar loyihaning normativ-huquqiy hujjatlar iyerarxiyasiga mosligi boʻyicha ham savollar koʻtargan.

“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, quyi turuvchi hujjat yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan hujjatga zid kelmasligi kerak.

Izohlarda hukumat qarori orqali banklar va fuqarolar uchun qonunda aniq koʻrsatilmagan yangi majburiyatlarni joriy etish mumkin emasligi qayd etilgan. Agar amaldagi qonunlar bank maʼlumotlarini faqat muayyan holatlarda va asoslantirilgan soʻrov boʻyicha olishga ruxsat bersa, avtomatik axborot almashinuvi uchun alohida qonuniy asos kerak boʻlishi mumkin.

Muhokama ishtirokchilari Soliq kodeksida banklarga individual soʻrov yuborish tartibi mavjudligi, loyihada esa ayrim maʼlumotlarni soʻrovsiz va doimiy ravishda uzatish taklif qilinayotganiga eʼtibor qaratgan.

Ularning fikricha, bu hukumat qarori bilan Soliq qoʻmitasining vakolatlarini amalda kengaytirishga olib kelishi mumkin.

“Qoʻshimcha maʼlumotlar” tushunchasi aniq emas

Loyihada soliq organlari zarurat tugʻilganda banklardan qoʻshimcha maʼlumotlar soʻrashi mumkinligi koʻrsatilgan.

Biroq jamoatchilik vakillari “qoʻshimcha maʼlumotlar” tushunchasining chegarasi aniq belgilanmaganini taʼkidlamoqda.

Qaysi holatda qanday maʼlumot soʻralishi, u qancha muddat saqlanishi, kimlar undan foydalanishi va fuqaro bu haqda xabardor qilinadimi — bu savollarga aniq javob berilmagan.

Shuningdek, ayrim ilovalarda taqdim etiladigan maʼlumotlar tarkibi keyinchalik Markaziy bank va Soliq qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuv asosida oʻzgartirilishi mumkinligi qayd etilgan.

Izoh mualliflarining fikricha, fuqarolar qaysi maʼlumotlari davlat organlariga berilishini oldindan aniq bilishi kerak. Maʼlumotlar roʻyxatining idoralararo kelishuv orqali kengaytirilishi huquqiy aniqlik va huquqiy ishonch tamoyillariga oid xavflarni yuzaga keltiradi.

Har bir yirik oʻtkazma daromad emas

Muhokamada 500 BHMdan ortiq tushum har doim ham tadbirkorlik faoliyati yoki soliqqa tortiladigan daromadni anglatmasligi alohida taʼkidlangan.

Fuqarolarning shaxsiy kartalariga tushadigan mablagʻlarning kelib chiqishi turlicha boʻlishi mumkin. Masalan:

  • ilgari berilgan qarzning qaytarilishi;
  • avtomobil, uy-joy yoki boshqa mol-mulkni sotishdan tushgan pul;
  • davolanish yoki taʼlim uchun yigʻilgan yordam mablagʻlari;
  • toʻy, marosim, ehson yoki “gap” uchun yigʻilgan pul;
  • doʻstlar va hamkasblar oʻrtasida umumiy xarajatlarni boʻlishish;
  • chet eldan yuborilgan shaxsiy yordam;
  • bir necha kishining pulini vaqtincha bitta kartada jamlash.

Bunday oʻtkazmalar shaklan yirik tushum boʻlsa-da, fuqaroning foydasi yoki tadbirkorlikdan olgan daromadi hisoblanmasligi mumkin.

Loyihada yaqin qarindoshlardan kelib tushgan ayrim mablagʻlarni istisno qilish nazarda tutilgan. Biroq muhokama ishtirokchilari odamlar faqat yaqin qarindoshlari bilan emas, doʻstlari, hamkasblari, uzoq qarindoshlari va tanishlari bilan ham pul munosabatlariga kirishishini qayd etgan.

Ularning fikricha, faqat “yaqin qarindoshlar” uchun istisno belgilanishi hayotdagi barcha qonuniy operatsiyalarni qamrab olmaydi.

Natijada fuqaro oʻz kartasiga tushgan pul tadbirkorlik daromadi emasligini soliq organlariga hujjatlar bilan isbotlashga majbur boʻlishi mumkin.

Bu esa “avval shubhali deb topish, keyin fuqaroning oʻzidan begunohligini isbotlashni talab qilish” tamoyiliga oʻxshab qolishi haqida eʼtirozlar bildirilgan.

Aholi naqd pulga qaytishi mumkin

Muhokamadagi asosiy iqtisodiy xavotirlardan biri — loyiha naqdsiz toʻlovlardan foydalanishni kamaytirishi mumkinligi.

Agar fuqarolar kartaga tushgan yirik mablagʻ soliq tekshiruvi, hisobvaraqning cheklanishi yoki qoʻshimcha hujjat talab qilinishiga sabab boʻlishidan qoʻrqsa, pulni bank orqali emas, naqd shaklda olishni afzal koʻrishi mumkin.

Bu esa loyihadan kutilayotgan natijaning aksini berishi ehtimoli bor.

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish oʻrniga pul aylanmasining bir qismi bank tizimidan tashqariga chiqadi. Banklar koʻrib turgan shaffof operatsiyalar kamayib, kuzatish qiyin boʻlgan naqd hisob-kitoblar koʻpayadi.

Ayrim izoh mualliflari buni “qosh qoʻyaman deb koʻz chiqarish”ga qiyoslagan.

Kichik savdo bilan shugʻullanuvchilar, frilanserlar, uy sharoitida mahsulot tayyorlovchilar va onlayn xizmat koʻrsatuvchilarni rasmiy faoliyatga oʻtkazish oʻrniga, ularni naqd pul yoki norasmiy toʻlov usullariga yoʻnaltirish xavfi ham qayd etilgan.

Fuqarolardan biri soliq maʼmuriyatchiligi majburlashga emas, aholining davlatga ishonib, oʻz ixtiyori bilan faoliyatini rasmiylashtirishiga sharoit yaratishga asoslanishi kerakligini taʼkidlagan.

Banklardagi omonatlar kamayishi mumkin

Izohlarda loyiha P2P-oʻtkazmalardan tashqari, umuman bank tizimiga boʻlgan ishonchga ham taʼsir qilishi mumkinligi qayd etilgan.

Muhokama ishtirokchilarining fikricha, aholi oʻz hisobvaraqlari va omonatlari haqidagi maʼlumotlar muntazam ravishda soliq organlariga berilishidan xavotir olsa, pullarini bankda saqlashni kamaytirishi mumkin.

Bu jismoniy shaxslarning omonatlari qisqarishi, banklarning resurs bazasi va likvidligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Banklar omonatlardan iqtisodiyotga kredit ajratish uchun resurs sifatida foydalanadi. Shu sababli aholi mablagʻlarining bank tizimidan tashqariga chiqishi kreditlash imkoniyatlariga ham taʼsir qilishi ehtimoli mavjud.

Izohlarda aholi endigina bank kartalari, mobil ilovalar va omonatlardan faol foydalanishni boshlagan bir paytda bunday tashabbus bank tizimiga shakllanayotgan ishonchni susaytirishi mumkinligi taʼkidlangan.

Moliyaviy maxfiylikning zaiflashishi xorijiy investorlar uchun ham salbiy signal boʻlishi mumkinligi qayd etilgan. Investorlar uchun davlat organlarining vakolatlari aniq chegaralangani, moliyaviy maʼlumotlar himoyalangani va qonun ustuvorligi muhim omil hisoblanadi.

Maʼlumotlarning sizib chiqish xavfi

Soliq organlariga katta hajmdagi bank maʼlumotlari taqdim etilishi ularni saqlash va himoya qilish masalasini ham keltirib chiqarmoqda.

Yangi tizim orqali koʻplab fuqarolarning kimdan, qachon va qancha pul olgani haqidagi maʼlumotlar yagona axborot bazasida toʻplanishi mumkin.

Muhokama ishtirokchilari bunda maʼlumotlarning sizib chiqishi, noqonuniy foydalanish, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish va korrupsiya xavfi mavjudligini taʼkidlagan.

Ularning fikricha, loyihada kamida quyidagi kafolatlar belgilanishi kerak:

  • maʼlumotlarga kirgan har bir xodimni identifikatsiya qilish;
  • barcha murojaat va maʼlumot koʻrish holatlarini avtomatik qayd etish;
  • maʼlumotlardan noqonuniy foydalanganlik uchun alohida javobgarlik belgilash;
  • maʼlumotlarning saqlanish muddatini cheklash;
  • fuqaroning maʼlumotlari qaysi organ tomonidan olingani haqida unga xabar berish;
  • maʼlumotlardan foydalanish ustidan mustaqil nazorat oʻrnatish.

Bunday kafolatlar boʻlmasa, bank siriga oid maʼlumotlarning bir tizimda jamlanishi qoʻshimcha xavf manbaiga aylanishi mumkin.

Nazoratni davlat amaldorlaridan boshlash taklif qilindi

Muhokamadagi izohlardan birida bank hisobvaraqlari va omonatlarga oid kengaytirilgan nazoratni avvalo davlat amaldorlariga nisbatan qoʻllash taklif qilingan.

Fikr muallifiga koʻra, davlat mansabdorlarining moliyaviy faoliyati ochiq boʻlishi korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar toʻqnashuvini kamaytirishga xizmat qiladi.

Oddiy fuqarolarning bank maʼlumotlari esa faqat qonunda aniq belgilangan asos, individual tekshiruv yoki sud qarori mavjud boʻlganda olinishi kerak.

Boshqa ishtirokchilar ham bank maʼlumotlariga kirish yoppasiga emas, xavfga asoslangan yondashuv orqali amalga oshirilishini taklif qilgan.

Masalan, muntazam ravishda koʻplab shaxslardan toʻlov qabul qilish, operatsiyalarning savdo faoliyatiga oʻxshashligi yoki soliq hisobotlari bilan bank aylanmalari oʻrtasida katta tafovut mavjudligi individual tekshiruv uchun asos boʻlishi mumkin.

Biroq faqat umumiy summa mezoniga tayangan holda barcha operatsiyalarni avtomatik yuborish ortiqcha choraga aylanishi mumkinligi qayd etilgan.

Soliqdan qochishga qarshi kurashish zarurati ham tan olindi

Muhokamadagi deyarli barcha fikrlar tanqidiy boʻlsa-da, ayrim ishtirokchilar soliqdan boʻyin tovlash va yashirin tadbirkorlikka qarshi kurashish zarurligini inkor etmagan.

Haqiqatan ham ayrim shaxslar roʻyxatdan oʻtmasdan savdo yoki xizmat koʻrsatib, mijozlardan toʻlovlarni shaxsiy kartasiga qabul qilishi mumkin.

Foydalanuvchilardan biri loyiha soliqdan qochishga qarshi kurashishga yordam berishiga umid bildirgan, biroq u soliq organlariga ortiqcha vakolat bermasligi va tadbirkorlarga zarar yetkazmasligi kerakligini qayd etgan.

Shu sababli asosiy bahs soliq nazoratining oʻzi zarur yoki zarur emasligi haqida emas. Asosiy savol — bu nazorat qaysi chegarada, qanday huquqiy asosda va fuqarolarning huquqlarini himoya qiluvchi qanday kafolatlar bilan amalga oshirilishida.

Loyihani qayta ishlash yoki rad etish talab qilinmoqda

Jamoatchilik muhokamasidagi fikrlarning umumiy mazmuni loyihani hozirgi shaklda qabul qilmaslik kerakligi haqidagi pozitsiyaga borib taqaladi.

Ayrim foydalanuvchilar hujjatni butunlay kun tartibidan chiqarishni talab qilgan. Boshqalar esa uni Konstitutsiya, “Bank siri toʻgʻrisida”gi qonun, Soliq kodeksi va shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish talablari nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqishni taklif qilgan.

Muhokama ishtirokchilaridan biri loyiha qabul qilinsa, aholining nafaqat banklarga, balki hukumatga boʻlgan ishonchi ham “nolga tushishi” mumkinligini yozgan.

Fuqarolarning fikricha, shaxsiy hisobvaraqlar va pul oʻtkazmalari haqidagi maʼlumotlarning aniq huquqbuzarlik yoki individual tekshiruvsiz soliq organlariga yuborilishi odamlar tomonidan yoppasiga kuzatuv sifatida qabul qilinishi mumkin.

Bu esa aholida “har bir fuqaro oldindan shubhali deb qaralmoqda” degan tasavvurni shakllantirishi, davlat organlariga maʼlumot taqdim etishdan qochish va moliyaviy operatsiyalarni yashirishga undashi ehtimoli bor.

Shuningdek, bunday tizim joriy qilingan davlatlar tajribasini oʻrganish, uning bank omonatlari, naqd pul aylanmasi va yashirin iqtisodiyotga taʼsirini oldindan baholash talab etilmoqda.

Muhokama ishtirokchilarining fikricha, soliq maʼmuriyatchiligini raqamlashtirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish fuqarolarning bank siri, shaxsiy hayoti va moliyaviy maʼlumotlari daxlsizligini zaiflashtirish hisobiga amalga oshirilmasligi kerak.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+