Asia Alliance Bank boshqaruv raisining ikki oʻrinbosari lavozimni tark etgan boʻlishi mumkin
Bankning korporativ maʼlumotlariga koʻra, Asia Alliance Bank affillangan shaxslari roʻyxatidan boshqaruv raisi birinchi oʻrinbosari Obidjon Norkulov hamda rais oʻrinbosari Akmal Mansurov chiqarilgan. Shuningdek, bankning rasmiy veb-saytidan ularga tegishli sahifalar ham olib tashlangan.

Asia Alliance Bank ATB affillangan shaxslari roʻyxatida oʻzgarish yuz berdi. Bankning korporativ maʼlumotlariga koʻra, 10 fevral kuni mazkur roʻyxat yangilangan.
Yangilanish natijasida ikki nafar jismoniy va ikki nafar yuridik shaxs affillangan shaxslar roʻyxatidan chiqarilgan.

Roʻyxatdan chiqarilgan shaxslarning birinchisi — Norkulov Obidjon Odilovich. U bank boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Norkulov 2018 yildan Asia Alliance Bank boshqaruv raisining oʻrinbosari, 2023 yil noyabridan esa birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
Ikkinchi shaxs — Mansurov Akmal Shukhratovich boʻlib, u bank boshqaruv raisining oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritgan. Mansurov ushbu lavozimga 2024 yil mart oyida tayinlangandi.
Ayni paytda Asia Alliance Bank’ning rasmiy veb-saytida bank boshqaruvi tarkibida faqat rais — Abduazimov Umidjon Abduazim oʻgʻli koʻrsatilgan. Oʻrinbosarlarga oid sahifalarni internet qidiruv tizimlari orqali topish mumkin, biroq havolalarga kirilganda maʼlumotlar oʻchirib tashlangani koʻrinadi.
Affillangan shaxslar roʻyxatidan chiqarilish nimani anglatadi?
Affillangan (bankka aloqador) shaxslar — bu bank faoliyatiga bevosita taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yoki bank nazorati ostida boʻlgan shaxslardir.
Banklarda yirik aksiyadorlar, kuzatuv kengashi aʼzolari hamda boshqaruv aʼzolari — jumladan boshqaruv raisi va uning oʻrinbosarlari avtomatik tarzda affillangan shaxslar hisoblanadi.
Shu sababli Obidjon Norkulov va Akmal Mansurov ushbu roʻyxatdan chiqarilgan boʻlsa, bu yuridik jihatdan bitta narsani anglatadi: ular endilikda bank boshqaruvi aʼzolari emas.
Demak, ular egallab turgan rais oʻrinbosari lavozimlaridan ozod etilgan boʻlishi mumkin. Affillangan shaxslar roʻyxatidagi bunday oʻzgarish odatda bankdagi kadrlar almashinuvining rasmiy va huquqiy tasdigʻi hisoblanadi.









