AQSh va Rossiya ham bor: Oʻzbekiston shaxsiy maʼlumotlar erkin uzatilishi mumkin boʻlgan 49 davlatni belgiladi
Hukumat shaxsga doir maʼlumotlar yetarli darajada himoya qilinishi tan olingan 49 ta davlat roʻyxatini tasdiqladi. Endilikda AQSh, Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Yevropaning aksariyat mamlakatlariga maʼlumotlarni vakolatli organdan alohida ruxsat olmasdan uzatish mumkin. Roʻyxatga kirmagan davlatlar uchun esa qoʻshimcha huquqiy, tashkiliy va texnik talablar amal qiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 29 iyuldagi 415-son qarori bilan shaxsga doir maʼlumotlarni transchegaraviy uzatish tartibi tasdiqlandi. Hujjat 3 avgustdan kuchga kirdi.
Qarorga koʻra, shaxsga doir maʼlumotlar Oʻzbekistondagiga teng darajada himoya qilinishi tan olingan 49 ta davlatga maʼlumot uzatishda vakolatli davlat organining ruxsati talab etilmaydi.
Shuningdek, maʼlumotlar uzatilayotgani haqida vakolatli organga oldindan xabar berish majburiyati ham bekor qilinadi. Biroq maʼlumotlar bazasi mulkdori yoki operatori ularning oshkor boʻlishi va tarqalib ketishining oldini olishi shart.
Roʻyxatga AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Rossiya, Janubiy Koreya, Singapur, Shveytsariya va Yaponiya kabi davlatlar kiritilgan. Gonkong, Jersi, Gernsi, Men oroli va Farer orollari ham alohida hudud sifatida qayd etilgan.
| № | Davlat | № | Davlat |
|---|---|---|---|
| 1 | Avstriya | 26 | Lixtenshteyn |
| 2 | AQSh | 27 | Lyuksemburg |
| 3 | Andorra | 28 | Malta |
| 4 | Argentina | 29 | Men oroli (Buyuk Britaniya) |
| 5 | Belgiya | 30 | Niderlandiya |
| 6 | Bolgariya | 31 | Norvegiya |
| 7 | Braziliya | 32 | Polsha |
| 8 | Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi | 33 | Portugaliya |
| 9 | Vengriya | 34 | Rossiya |
| 10 | Germaniya | 35 | Ruminiya |
| 11 | Gernsi (Buyuk Britaniya) | 36 | Singapur |
| 12 | Gonkong (Xitoyning maxsus maʼmuriy hududi) | 37 | Slovakiya |
| 13 | Gretsiya | 38 | Sloveniya |
| 14 | Daniya | 39 | Urugvay |
| 15 | Jersi (Buyuk Britaniya) | 40 | Farer orollari (Daniya) |
| 16 | Irlandiya | 41 | Finlyandiya |
| 17 | Ispaniya | 42 | Fransiya |
| 18 | Islandiya | 43 | Xorvatiya |
| 19 | Isroil | 44 | Chexiya |
| 20 | Italiya | 45 | Shveysariya |
| 21 | Kanada | 46 | Shvetsiya |
| 22 | Kipr | 47 | Estoniya |
| 23 | Koreya | 48 | Yangi Zelandiya |
| 24 | Latviya | 49 | Yaponiya |
| 25 | Litva |
Roʻyxatga kirmagan davlatlarga maʼlumot uzatish taqiqlanmaydi. Bunday holatda operator vakolatli organ belgilaydigan huquqiy, tashkiliy va texnik talablarni bajarishi kerak boʻladi.
Jumladan, maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha namunaviy shartlar va majburiy korporativ qoidalarga qoʻyiladigan talablar ishlab chiqiladi. Ichki ishlar vazirligi ularni Raqamli texnologiyalar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan birgalikda uch oy ichida tasdiqlashi kerak.
Transchegaraviy uzatish vaqtida shaxsiy maʼlumotlar tarqalib ketgani aniqlansa, operator vakolatli organga 24 soat ichida xabar berishi shart. Hodisaning sabablari hamda uning oqibatlarini bartaraf etish uchun koʻrilgan choralar haqidagi batafsil maʼlumot esa 72 soat ichida taqdim etiladi.
Bundan tashqari, Tashqi ishlar vazirligiga Oʻzbekistonning shaxsga doir maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlashda fuqarolarni himoya qilish toʻgʻrisidagi 1981-yilgi Strasburg konvensiyasiga qoʻshilishi boʻyicha takliflar tayyorlash topshirildi.









