Anhor boʻyidagi 3,2 gektarlik davlat mulki 660 mlrd soʻmga auksionga qoʻyildi
Toshkent markazida, Anhor boʻyida joylashgan ikkita yirik davlat koʻchmas mulki auksionga chiqarildi. Minor masjidi va Anhor Park yaqinidagi jami 3,2 gektarlik obʼektlarning boshlangʻich narxi 660,2 mlrd soʻmni tashkil etadi. Savdolar 28-sentabr kuni oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

E-auksion’da Yunusobod tumani, Matonat MFY, Sharof Rashidov koʻchasi 13 va 13a-uy manzillaridagi ikkita noturar bino savdoga qoʻyildi.
Lotlar Toshkent markazidagi Anhor kanali boʻyida, Minor masjidi hamda Anhor Park yaqinida joylashgan. Anhor Park ham kanal boʻylab joylashgan yirik dam olish maskanlaridan biri hisoblanadi.
Sharof Rashidov koʻchasi 13-uydagi obʼekt 436,3 mlrd soʻm boshlangʻich narxda baholangan. Uning yer maydoni 2 gektar. Yonidagi 13a-uydagi yana 1,2 gektarlik obʼekt esa 223,9 mlrd soʻmdan savdoga chiqarilgan.
Shu tariqa, bir-biriga yaqin joylashgan ikki lotning umumiy maydoni 3,2 gektar, boshlangʻich qiymati esa 660,23 mlrd soʻmni tashkil qiladi. Maydonga nisbatan hisoblaganda bir gektar oʻrtacha 206,3 mlrd soʻm, bir sotix esa qariyb 2,1 mlrd soʻmga toʻgʻri keladi.
Bunda 2 gektarlik obʼektning bir gektarga hisoblangan boshlangʻich qiymati qariyb 218,2 mlrd soʻm, 1,2 gektarlik lotniki esa 186,6 mlrd soʻmni tashkil etadi.
Obʼektlarning joylashuvi savdoni alohida eʼtiborga molik qiladi. Gap shaharning markaziy qismidagi oddiy koʻchmas mulk emas, Anhor boʻyida va yirik jamoat maskanlari yonida joylashgan katta yer maydonlari haqida ketmoqda. Shu sabab lotlarning qiymatida mavjud bino-inshootlardan koʻra yer maydoni va lokatsiya asosiy omillardan biri boʻlib turibdi.
Hududning oʻzi ilgari Anhor boʻyidagi sport va dam olish infratuzilmasining bir qismi boʻlgan. 2013 yildagi manbalarda Minor qabristoni yaqinida baydarka va kanoe bazasi hamda Jismoniy tarbiya institutining sport bazasi joylashgani qayd etilgan. 2014 yilda esa Anhor sohili boʻylab Minor masjidigacha choʻzilgan piyoda va velosiped yoʻlaklari barpo etilib, hududda akvapark va bolalar parki tashkil etish ham rejalashtirilgan edi.
Obʼektlar Prezidentning 28 avgustdagi PF-177-son farmoni bilan xususiylashtiriladigan davlat aktivlari roʻyxatiga kiritilgan. Hujjatda ular Davlat mulki obʼektlaridan samarali foydalanish markazining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi balansida ekani koʻrsatilgan.
E-auksion maʼlumotlariga koʻra, ikkala lot boʻyicha ham savdo 28-sentabr soat 10:00ga belgilangan. 436,3 mlrd soʻmlik obʼekt uchun zakalat 13,1 mlrd soʻm, 223,9 mlrd soʻmlik obʼekt uchun esa 6,7 mlrd soʻmni tashkil qiladi. Arizalar oʻsha kuni soat 09:00gacha qabul qilinadi.









