Amazon Leo sunʼiy yoʻldosh interneti Oʻzbekistonda ishga tushiriladi
Amazon Leo va “UZ-SAT” Oʻzbekistonda yuqori tezlikdagi sunʼiy yoʻldosh internet xizmatlarini tarqatish boʻyicha kelishuv imzoladi. Yangi xizmat, avvalo, telekommunikatsiya infratuzilmasi yetib bormagan olis va borish qiyin hududlarni internet bilan taʼminlash imkonini beradi.

16–18 iyun kunlari Toshkentda oʻtkazilayotgan Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Amazon Leo kompaniyasi hamda “UZ-SAT” qoʻshma korxonasi oʻrtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Kelishuv Oʻzbekiston hududida yuqori tezlikdagi sunʼiy yoʻldosh internet xizmatlarini tarqatishni nazarda tutadi. Loyiha orqali foydalanuvchilar shaharlardan tashqari, anʼanaviy telekommunikatsiya infratuzilmasi cheklangan yoki umuman mavjud boʻlmagan olis aholi punktlarida ham keng polosali internetdan foydalanishi mumkin boʻladi.
Amazon Leo internet signalini Yerning past orbitasidagi sunʼiy yoʻldoshlar orqali yetkazib beradi. Bu esa optik tolali tarmoq yoki mobil aloqa infratuzilmasini qurish murakkab va qimmat boʻlgan hududlarda internet xizmatlarini tezroq yoʻlga qoʻyish imkonini yaratadi.
Kompaniya tizimi 3 mingdan ortiq sunʼiy yoʻldoshdan iborat boʻlishi koʻzda tutilgan. Ular yuqori tezlikdagi optik aloqa kanallari orqali oʻzaro bogʻlanib, yer ustidagi global shlyuz stansiyalari, tolali-optik tarmoqlar va internet almashinuv nuqtalari bilan integratsiya qilinadi.
Foydalanuvchilar tarmoqqa Amazon Leo Nano, Amazon Leo Pro va Amazon Leo Ultra nomli ixcham antennalar yordamida ulanishi mumkin. Qurilmalar turli toifadagi mijozlar — oddiy foydalanuvchilar, biznes subʼektlari, davlat tashkilotlari va yirik korxonalar ehtiyojlariga moslashtirilgan.
Loyiha Oʻzbekistonda raqamli tengsizlikni kamaytirish, chekka hududlardagi maktablar, tibbiyot muassasalari, tadbirkorlik subʼektlari va aholini barqaror internet bilan taʼminlashga xizmat qilishi mumkin.
Biroq tomonlar xizmatni amalda ishga tushirish muddati, tariflar, qamrov hududi va foydalanuvchi uskunalarining narxi haqida hozircha maʼlumot bermagan.









