Aholini ish bilan taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish uchun kichik biznes loyihalariga 120 trln soʻm ajratiladi
5,2 million fuqaro bandligi taʼminlanib, 1,5 million aholi kambagʻallikdan chiqariladi.
300 ta ogʻir mahallada quyosh energiyasi loyihalari ishga tushirilib, ularga kambagʻal oilalar ishga olinadi.
Shuningdek, turizm va elektron tijorat markazlarida ham yangi ish oʻrinlari yaratiladi
Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va yangi yondashuvlar asosida kambagʻallikni qisqartirishga oid chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqida prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2025 yilda 5,2 million fuqaroning bandligini taʼminlash va 1,5 million aholini kambagʻallikdan chiqarish rejalashtirilgan. Birinchi marta 60 ta tuman va shahar kambagʻallik hamda ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi.
Mahalla bankirlari bilan birga 1,5 million aholi doimiy ishga joylashtirilib, 2 milliondan ziyod odam biznesga jalb qilinadi. Shu maqsadda bu yil kichik biznes loyihalariga jami 120 trillion soʻm kredit ajratiladi.
Innovatsion loyihalar va mahalliy rivojlanish.
- Quyosh energiyasi loyihalari. Xorijiy tajriba asosida 32 ta yoʻnalishda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangi yondashuvlar yoʻlga qoʻyiladi. Misol uchun, 300 ta ogʻir mahallada umumiy quvvati 107 megavatt boʻlgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilib, ularga kambagʻal oilalar aʼzolari kooperatsiya asosida ishga olinadi.
- Oʻrmon va dorivor oʻsimliklar yetishtirish. 123 ta tumanda kambagʻal aholi 20 ming gektar oʻrmon va koʻchatzor barpo etish hamda dorivor oʻsimliklar yetishtirishga jalb etiladi va ular ekkan har 100 ta daraxt uchun 375 ming soʻm subsidiya toʻlanadi.
- Turizm va elektron tijorat. Turizm salohiyati bor joylarda mehmon uylari va oshxonalar, muayyan pochta boʻlimlarida elektron tijorat markazlari ochilib, kambagʻal oila vakillari ishga olinadi.
Joriy yilda 6 472 ta mahallada yangi loyihalar amalga oshirilib, 210 ming fuqaro kambagʻallikdan chiqarilishi rejalashtirilgan. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga bu vazifalarning bajarilishini qatʼiy nazoratga olish topshirildi.
Har bir loyiha va chora-tadbir elektron platforma orqali monitoring qilinadi va yaratilgan ish oʻrinlari soliq bazasi orqali tekshirib boriladi. Shuningdek, mahalliy hokimliklar va “mahalla yettiligi” uchun maxsus treninglar tashkil qilinadi.