Aholiga ajratiladigan kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 2022 yildan buyon eng past darajaga tushdi
Oʻzbekistonda aholiga berilayotgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi soʻnggi toʻrt oy ichida ketma-ket pasayib, 2022 yil dekabridan buyon qayd etilgan eng past darajaga yetdi.

Aholiga ajratilayotgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi pasayishda davom etmoqda. Bu haqda Markaziy bankning rasmiy maʼlumotlarida qayd etilgan.
Milliy valyutada jismoniy shaxslarga berilayotgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi ketma-ket toʻrtinchi oy pasaymoqda. Jumladan, 2025 yil aprel oyida ushbu koʻrsatkich 1 foiz bandga kamayib, 22,6 foizni tashkil etdi. Bu natija 2024 yil dekabriga nisbatan 2,3 foiz bandga, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan esa 2 foiz bandga pastroqdir.

Shuningdek, bu stavka 2022 yil dekabridan buyon kuzatilgan eng past daraja hisoblanadi. Eʼtiborlisi shundaki, bu hisob-kitoblarda imtiyozli kreditlar inobatga olinmagan, bu esa real foiz stavkalaridagi pasayishni yaqqol koʻrsatadi.
Milliy valyutada yuridik shaxslarga ajratilayotgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi esa 2025 yil boshidan buyon 0,4 foiz bandga oshib, aprel oyida 22,9 foizni tashkil etdi.
Xorijiy valyutadagi kreditlar
Chet el valyutasida berilayotgan qisqa muddatli kreditlar boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi oʻtgan oyga nisbatan 1,2 foiz bandga kamayib, 9,4 foizga tushdi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yil sentabr oyidagi darajadan 2 foiz bandga pastdir.

Xorijiy valyutadagi uzoq muddatli kreditlar boʻyicha esa aksincha, foiz stavkalarida oʻsish kuzatildi — soʻnggi oyda koʻrsatkich 0,5 foiz bandga oshib, 10,3 foizni tashkil etdi. Shunga qaramay, bu turdagi kreditlar boʻyicha yillik koʻrsatkichlar pasayish tendensiyasini namoyon qilmoqda.