Agrobank boshqaruvi raisi oʻrinbosari Jahongir Xaydarov lavozimidan ozod etildi
Agrobank boshqaruvi raisi oʻrinbosari Jahongir Xaydarov sogʻligʻi bilan bogʻliq sabablarga koʻra lavozimidan ozod etildi. Shu kuni uning “Agro Finans Lizing” AJ boshqaruvi raisi sifatidagi vakolatlari ham tugatilgan. Xaydarov 2024 yil may oyidan buyon Agrobank boshqaruvi raisi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Bu haqda bank kuzatuv kengashining 18 noyabrdagi yigʻilish bayonnomasida maʼlum qilingan.
Hujjatga koʻra, Jahongir Xaydarov 17 noyabr kuni kuzatuv kengashiga yozma ariza bilan murojaat qilgan. Unda sogʻligʻi yomonlashgani sababli ishni davom ettirish imkoniyati yoʻqligini bildirib, oʻz tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilishni soʻragan.
Kuzatuv kengashi arizani koʻrib chiqib, Mehnat kodeksining 160-moddasi sakkizinchi qismiga asosan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini 17 noyabrdan bekor qilish va uni bank boshqaruvi aʼzolari tarkibidan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.
Ayni paytda Xaydarov “Agro Finans Lizing” AJ boshqaruvi raisi lavozimidan ham ketgan. Kompaniya tomonidan oshkor qilingan maʼlumotlarga koʻra, jamiyat kuzatuv kengashi 17 noyabr kuni uning vakolatlarini tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.
Shuningdek, Xaydarov jamiyatning affillangan shaxslari roʻyxatidan chiqarilgan. Uning oʻrniga Jamshid Yoʻldoshev “Agro Finans Lizing” boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi sifatida koʻrsatilgan.
Jahongir Xaydarov haqida
Jahongir Xaydarov 1982 yilda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tugʻilgan. U 2005 yilda Guliston davlat universitetini, 2009 yilda esa Toshkent moliya institutini tamomlagan. Mutaxassisligi — iqtisodiyot va bank ishi.
Xaydarov bank sohasida 23 yillik ish tajribasiga ega. U 2024 yil may oyidan Agrobank boshqaruvi raisi oʻrinbosari sifatida ishlab kelgan.
Bundan tashqari, u 2023 yil iyul oyida “Agro Finans Lizing” AJ boshqaruvi raisi etib tayinlangan. Bungacha mazkur kompaniya kuzatuv kengashi aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan.









