5 kunlik ish haftasi, ipoteka yengilliklari va mukofotlar: tibbiyot xodimlari uchun yangi imtiyozlar joriy etilmoqda
2026 yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari besh kunlik ish haftasiga oʻtkaziladi.
Har yili shifokorlar kunida xodimlarga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida yillik mukofot beriladi.
Shuningdek, 15 yillik stajga ega tibbiyot xodimlarining farzandlariga kontrakt toʻlovining bir qismi qoplanadi, 500 nafar xodimga esa ipoteka badalining 25 foizi toʻlab beriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning mehnatini ragʻbatlantirishga qaratilgan qarorni imzoladi.
Qarorga muvofiq, 2026 yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Tibbiyot muassasalarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan har yili mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorida mukofotlanadi.
Shuningdek, har yili sogʻliqni saqlash tizimining ilgʻor muassasalari va mutaxassislari oʻrtasida tanlov oʻtkaziladi.
Tanlov quyidagi nominatsiyalar boʻyicha tashkil etiladi:
- respublika miqyosida: “Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari” va “Eng yaxshi hududiy sogʻliqni saqlash organi rahbari”;
- hududlar kesimida: “Eng yaxshi tuman (shahar) sogʻliqni saqlash organi rahbari”, “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifokori”, “Eng yaxshi oʻrta tibbiyot xodimi”, “Eng yaxshi oilaviy poliklinika”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifoxonasi” va “Eng yaxshi hududiy shifoxona”.
Gʻoliblar Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan quyidagi miqdorda mukofotlanadi:
- tibbiyot muassasalariga — 500 mln soʻm;
- shifokor va rahbar xodimlarga — 30 mln soʻm.
Gʻoliblar Tibbiyot xodimlari kuni arafasida eʼlon qilinadi. Ular davlat mukofotlariga tavsiya etiladi hamda xorijdagi nufuzli taʼlim va ilmiy muassasalarda zamonaviy oʻquv dasturlari asosida malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.
2026 yil 1 apreldan davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasi joriy etiladi. Ish jarayonining uzluksizligini taʼminlash maqsadida bayram va dam olish kunlari navbatchilik tartibida faoliyat olib boriladi.
Qarorga binoan, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun bir qator yangi imtiyozlar va ragʻbatlar belgilandi:
Tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini tatbiq etib, ijobiy natijaga erishgan shifokorlar bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida mukofotlanadi.
Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ishlagan xodimlarning farzandlariga oliy taʼlimdagi yillik kontrakt toʻlovining 30% qismi, lekin BHMning 15 baravaridan oshmagan miqdorda, Jamgʻarma tomonidan qoplab beriladi.
Xalqaro indekslanuvchi, yuqori impakt-faktorli jurnallarda maqola chop etgan mutaxassislarning barcha xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.
Har yili kamida 15 yillik stajga ega 500 nafar xodim uchun ipoteka asosida uy xarid qilganda dastlabki badalning 25% qismi Jamgʻarma hisobidan qoplab beriladi.
2026 yildan milliy akkreditatsiyadan oʻtgan muassasalar xodimlariga lavozim maoshining 10% miqdorida oylik ustama toʻlanadi.
Bundan tashqari, qoʻshimcha ijtimoiy imtiyozlar ham nazarda tutilgan:
— Kamida 3 yillik stajga ega xodimlarga har yili bepul yuqori texnologik tibbiy xizmat koʻrsatiladi.
— 15 yil va undan ortiq tajribaga ega xodimlarga har yili sanatoriy yoʻllanmasi bepul beriladi.
— Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun barcha turdagi davlat xizmatlari toʻlovlari ikki barobar kamaytiriladi.









