12 035.220 so‘m

increase

21.820

13 915.120 so‘m

increase

84.090

167.950 so‘m

increase

4.080

12 035.220 so‘m

increase

21.820

14 daqiqa avval
Iqtisodiyot
24

2025 yilda UzAuto Motors’ning tushumi va operatsion foydasi kamaydi

UzAuto Motors’ning 2025 yildagi tushumi $4,08 mlrdni tashkil etib, bir yil avvalgiga nisbatan 3,7 foizga kamaydi. 

Kompaniyaning operatsion foydasi ham $383,3 mlndan $292,5 mlngacha pasaygan. 

Ammo moliyaviy daromadlar va valyuta kursi farqidan foyda hisobiga sof foyda $339,6 mlngacha oshgan.

2025 yilda UzAuto Motors’ning tushumi va operatsion foydasi kamaydi
Foto: AI/Pinkod.uz

UzAuto Motors AJ 2025 yilni tushum va operatsion foyda pasayishi bilan yakunladi. Biroq moliyaviy daromadlar oshgani hamda valyuta kursi farqidan foyda qayd etilgani hisobiga kompaniyaning sof foydasi oʻsdi.

Kompaniyaning 2025 yil yakunlari boʻyicha konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotiga koʻra, yillik tushum $4,08 mlrdni tashkil etdi. Bu 2024 yildagi $4,24 mlrdga nisbatan 3,7 foizga kam.

Tushum qisqarishi fonida asosiy operatsion koʻrsatkichlar ham pasaygan. Xususan, yalpi foyda 2024 yildagi $582,2 mlndan 2025 yilda $459,7 mlngacha kamaygan. Operatsion foyda esa $383,3 mlndan $292,5 mlngacha tushgan.

Bu koʻrsatkichlarga sotuv tannarxining yuqori darajada saqlanib qolgani va operatsion xarajatlarning oshgani taʼsir qilgan. 2025 yilda sotuv tannarxi $3,62 mlrdni tashkil etdi. Bu 2024 yildagi $3,66 mlrdga nisbatan biroz kam boʻlsa-da, tushumga nisbatan ulushi oshgan.

Jumladan, 2024 yilda sotuv tannarxi tushumning qariyb 86 foiziga teng boʻlgan boʻlsa, 2025 yilda bu koʻrsatkich 89 foizga yaqinlashgan. Natijada yalpi foyda sezilarli qisqargan.

Shunga qaramay, UzAuto Motors yilni sof foydaning oʻsishi bilan yakunlagan. Kompaniyaning 2025 yildagi sof foydasi $339,6 mlnni tashkil etdi. 2024 yilda bu koʻrsatkich $314,9 mln boʻlgan.

Sof foydaning oshishida nooperatsion omillar muhim rol oʻynagan. Xususan, kompaniyaning moliyaviy daromadlari $65,6 mlndan $94,6 mlngacha oshgan. Bundan tashqari, 2025 yilda valyuta kursi farqidan $62,6 mln foyda qayd etilgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilda kompaniya bu yoʻnalishda $25,6 mln zarar koʻrgan.

Xarajatlar qanday oʻzgardi?

Kompaniyaning maʼmuriy xarajatlari 2025 yilda oshgan. Hisobotga koʻra, ushbu xarajatlar 2024 yildagi $61,1 mlndan $73,9 mlngacha koʻtarilgan. Sotish xarajatlari esa biroz kamayib, $128,3 mlndan $122,5 mlngacha tushgan.

Soliq xarajatlarida pasayish kuzatilgan. 2025 yilda UzAuto Motorsʼning daromad soligʻi xarajati $56,9 mlnni tashkil etgan. 2024 yilda bu koʻrsatkich $62,6 mln boʻlgan.

Naqd pul oqimi hisobotiga koʻra, kompaniya yil davomida $53,9 mln daromad soligʻi toʻlagan. Bu 2024 yildagi $63,5 mln koʻrsatkichdan past.

Shu bilan birga, yil oxiriga kelib kompaniyaning soliq majburiyatlari oshgan. Daromad soligʻi boʻyicha toʻlanishi kerak boʻlgan summa $3,1 mlndan $18,9 mlngacha koʻtarilgan. Boshqa soliqlar boʻyicha qarzdorlik esa $4,2 mlndan $15 mlnga yaqinlashgan.

Aktivlar va kapital oshdi, majburiyatlar kamaydi

2025 yil oxirida UzAuto Motors AJning jami aktivlari $2,64 mlrdni tashkil etdi. Bir yil avval bu koʻrsatkich $2,46 mlrd boʻlgan.

Kapitaldagi oʻsish yanada sezilarli boʻlgan. Kompaniyaning jami kapitali 2024 yil yakunidagi $908,8 mlndan 2025 yil oxirida $1,29 mlrdgacha oshgan. Bu asosan taqsimlanmagan foydaning koʻpayishi hisobiga shakllangan.

Majburiyatlar esa kamaygan. 2024 yil oxirida kompaniyaning jami majburiyatlari $1,56 mlrd boʻlgan boʻlsa, 2025 yil yakunida $1,35 mlrdgacha tushgan.

Pinkod.uz saytida e'lon qilingan materiallardan nusxa ko'chirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 15.10.2024 sanasida №440126 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida ro‘yxatga olingan.

© 2026 Pinkod.uz.
Barcha huquqlar himoyalangan.

18+