2025 yilda Oʻzbekistonga xorijdan pul oʻtkazmalari hajmi qariyb 19 mlrd dollarga yetdi
Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 27,2 foizga koʻproqdir. Shuningdek, oʻtgan yilda aholi tomonidan valyuta sotish va xarid qilish oʻrtasidagi ijobiy tafovut 9,7 mlrd dollarni tashkil etdi.

2025 yilning yanvar–dekabr oylarida chet eldan Oʻzbekistonga kelib tushgan pul oʻtkazmalari hajmi 18 mlrd 889 mln dollarni tashkil qildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 27,2 foizga yoki 4,1 mlrd dollarga koʻproqdir.
Bu haqda 2026 yil 28 yanvar kuni Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha qaroriga bagʻishlangan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Manbaga koʻra, 2025 yil davomida oʻrtacha oylik pul oʻtkazmalari hajmi 1 mlrd dollardan yuqori boʻlgan. Eng katta koʻrsatkichlar iyul oyida — 1,97 mlrd dollar, avgustda — 1,91 mlrd dollar hamda oktabrda — 1,86 mlrd dollar qayd etilgan.

Pul oʻtkazmalari hajmining oʻsishiga asosan tashqi omillar, xususan rubl kursining mustahkamlanishi va boshqa davlatlarga mehnat migrantlari oqimining ortishi taʼsir koʻrsatgan.
Markaziy bank xorijdan kelayotgan pul mablagʻlari oqimi tashqi manbalar hisobidan aholi daromadlarini oshiruvchi muhim omil boʻlib qolayotganini taʼkidladi. Umuman olganda, mazkur oʻsish ichki isteʼmolni qoʻllab-quvvatlab, valyuta bozorida barqarorlikni saqlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 2025 yilda aholi tomonidan valyuta sotish va xarid qilish oʻrtasidagi ijobiy tafovut 9,7 mlrd dollarni tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 1,4 barobar oshgan.









