1,5 mlrd tonna zaxira, qora metall nazorati va $200 mln: Bekobodda metallurgiya sohasi uchun qanday vazifalar belgilandi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobodda metallurgiya sanoatini rivojlantirish boʻyicha yangi vazifalarni belgiladi. Yigʻilishda qora metall aylanmasini raqamlashtirish, sunʼiy intellekt orqali xarajatlarni qisqartirish, yangi temir zaxiralarini oʻzlashtirish hamda xususiy korxonalarni xomashyo bilan taʼminlash uchun $200 mln ajratish masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 iyul kuni Bekobod shahrida qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Davlat rahbari qora metallurgiya qurilish, avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika kabi umumiy hajmi $50 mlrd boʻlgan iqtisodiyot tarmoqlarining asosiy xomashyo manbalaridan biri ekanini taʼkidladi.
Soʻnggi oʻn yilda Oʻzbekistonda poʻlat listlar, navli prokat, quvurlar va metall konstruksiyalarga talab uch barobar oshib, yiliga 5,5 mln tonnaga yetgan. 2030 yilgacha bu koʻrsatkich yana 1,5 barobar koʻpayib, 8 mln tonnadan oshishi kutilmoqda.
Jumladan, qurilayotgan atom elektr stansiyasi, toʻrtinchi mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodining oʻzi uchun qariyb 2,5 mln tonna poʻlat list va armatura talab etiladi.
500 ming tonna metall parchalari xufiyona aylanmada qolmoqda
Hozirda Oʻzbekiston metallurgiya kombinati metall prokatning 40 foizini ikkilamchi metall hisobiga, qolgan 60 foizini esa import xomashyosidan ishlab chiqarmoqda.
Respublika boʻyicha har yili kombinatga 700 ming tonna qora metall parchalari topshirilmoqda. Biroq yana 500 ming tonna metall parchalari xufiyona aylanmada qolayotgani qayd etildi.
Shu sababli qora metall bilan bogʻliq jarayonlarni real vaqt rejimida nazorat qilishga moʻljallangan elektron tizim joriy etiladi. Hukumat tarkibida alohida loyiha ofisi tashkil qilinib, u metall mahsulotlari bozorini har kuni tahlil qiladi.
Shuningdek, mahsulotning sifati, kelib chiqishi, fizik va kimyoviy tarkibi aks ettirilgan raqamli pasport yuritiladi. Mutasaddilarga bir oy ichida loyiha ofisini ishga tushirish va 1 avgustdan “E-lom” elektron platformasi orqali qora metall aylanmasini nazoratga olish topshirildi.
Xomashyo importi uchun $200 mln ajratiladi
Yigʻilishda mamlakatda 150 ga yaqin kichik va oʻrta xususiy metallurgiya korxonasi faoliyat yuritayotgani taʼkidlandi. Ularni xomashyo bilan barqaror taʼminlash uchun chetdan metall xomashyosini markazlashgan holda olib keladigan alohida kompaniya tashkil etiladi.
Ushbu kompaniyaga $200 mln ajratiladi. Import qilingan xomashyo faqat birja orqali sotilishi belgilanmoqda.
1,5 mlrd tonna temir rudasi zaxirasi mavjud
Prezidentga mamlakat hududida 1,5 mlrd tonna temir rudasi zaxirasi mavjudligi haqida axborot berildi.
“Surun-ota” konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosi olish boʻyicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan. Konsentratni 2027 yildan boshlab Oʻzbekiston metallurgiya kombinatiga yetkazib berish vazifasi qoʻyildi.
“Tebinbuloq” konini kelgusi uch-toʻrt yilda ishga tushirish orqali yiliga 1 mln tonna poʻlat ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosi sotib olish boʻyicha memorandum imzolangan.
Samarqanddagi xususiy korxonalardan biriga temir koni ajratilsa, u xomashyo qazib olishga $500 mlngacha investitsiya kiritishga tayyorligini bildirgan. Oʻzbekiston metallurgiya kombinati esa Forishdagi 32 mln tonna resursga ega “Temirkon”ni oʻzlashtirishni taklif qilgan.
Mutasaddilarga temir va uni boyitish uchun zarur boʻlgan marganets hamda ferrosilitsiy kabi minerallar zaxirasini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, bir oyda yangi geologiya dasturini tayyorlash topshirildi.
Yiliga 1 mln tonna poʻlat list ishlab chiqariladi
Tashrif davomida prezident Oʻzbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasini ham ishga tushirdi. Bu mamlakatda issiq prokatlangan poʻlat listlarni ishlab chiqarish boʻyicha birinchi loyiha hisoblanadi.
Majmuada yiliga 1 mln tonna yoki 8 trln soʻmlik poʻlat list ishlab chiqariladi. Bu Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining prokat listlarga boʻlgan talabini toʻliq qoplashi kutilmoqda. Loyiha doirasida 1,2 mingta yuqori daromadli ish oʻrni yaratiladi.
Shuningdek, kombinatda “Surun-ota” xomashyosini qayta ishlash uchun qiymati $180 mln boʻlgan yangi metallurgiya zavodini qurish rejalashtirilgan.
Kelgusi uch yilda $30 mln investitsiya hisobiga poʻlat sharlar ishlab chiqarish quvvati 250 ming tonnadan 500 ming tonnaga oshiriladi. Kombinat hududida tashkil etiladigan “Oʻzbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki”da esa joriy yilning oʻzida $70 mlnlik oltita loyiha boshlanib, yana 660 ta ish oʻrni yaratiladi.
Sunʼiy intellekt orqali xarajatlar qisqartiriladi
Yigʻilishda metallurgiya sanoatini raqamlashtirish va ishlab chiqarish jarayonlariga sunʼiy intellektni joriy etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezident Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida sunʼiy intellekt yordamida operatsion xarajatlar, mahsulot tannarxi va energiya sarfini kamaytirish, shuningdek, mehnat unumdorligini oshirish boʻyicha dastlabki natijalar olinganini qayd etdi.
Jumladan, samosvallarga onlayn kuzatuv uskunalari oʻrnatilib, sunʼiy intellekt orqali optimal yoʻnalishlar tanlangani hisobiga 1,5 ming tonna dizel yoqilgʻisi yoki 22 mlrd soʻm tejalgan. Ekskavator tishlarining yemirilishini oldindan prognoz qilish esa texnologik yoʻqotishlarni 4 mlrd soʻmga kamaytirgan.
Boshqa metallurgiya kombinatlarida ham raqamlashtirish va sunʼiy intellekt orqali uskunalardan foydalanish samaradorligini 20 foizga oshirish, mahsulot tannarxini 10 foizga va energiya sarfini 15 foizga kamaytirish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, texnik xizmat koʻrsatish xarajatlari va texnologik uzilishlarni 20 foizga qisqartirish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqiladi.
Bekoboddagi Oʻzbekiston metallurgiya kombinatida sunʼiy intellekt yordamida metall parchalari tarkibidagi nometall buyumlarni aniqlash orqali yiliga 25 mlrd soʻm tejash imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtildi. Eritish pechlariga «aqlli» datchiklar oʻrnatilishi esa elektr energiyasi xarajatlarini yiliga $3 mlnga kamaytirishi mumkin.
Temir zaxiralari sunʼiy intellekt yordamida oʻrganiladi
Yigʻilishda Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari mavjud boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi.
Yirik metallurgiya loyihalarida temir sifatini oshirish uchun marganets va ferrosilitsiy kabi xomashyolarga talab ortishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan mutasaddilarga istiqbolli maydonlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish hamda bir oy ichida temir va uni boyitish uchun zarur minerallar zaxirasini koʻpaytirishga qaratilgan geologiya dasturini kiritish topshirildi.
Hududlar rahbarlariga mazkur geologiya va qazib olish loyihalariga yirik xususiy investorlarni jalb qilish vazifasi qoʻyildi.









