1 sentabrdan elektromobillar uchun 16 foizli imtiyozli avtokreditlar ajratish yoʻlga qoʻyiladi
Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 sentabrdan elektromobil xaridi uchun banklar tomonidan 16 foizgacha stavkada avtokreditlar ajratish boshlanadi. Foizlarning bir qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

2026 yil 1 sentabrdan Oʻzbekistonda elektromobillar xaridi uchun imtiyozli avtokreditlar ajratish yoʻlga qoʻyiladi.
Bu 16 fevral kuni imzolangan, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yili doirasidagi islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan 22-son Prezident farmonida belgilangan.
Hujjatga koʻra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab elektromobillar sotib olish uchun bank avtokreditlarini adolatli taqsimlash tizimi joriy etiladi va ular boʻyicha foiz stavkasi 16 foizgacha etib belgilanadi. Kredit stavkasining belgilangan meʼyordan yuqori qismi tijorat banklariga davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.

Dastlabki bosqichda 15 mingta elektromobil uchun mazkur dastur doirasida kreditlar beriladi.
Mazkur dasturni moliyalashtirish tijorat banklari mablagʻlari (kelishuv asosida), xorijiy tashkilotlar grantlari hamda homiylik mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
Farmon ijrosi Markaziy bank, Oʻzavtosanoat va Bojxona qoʻmitasi zimmasiga yuklatilgan.
Ushbu chora-tadbirlar Shavkat Mirziyoyevning 13 fevral kuni tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlashga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlari ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Unda avtokreditlar boʻyicha stavkalarni pasaytirish va kredit hajmini kengaytirish vazifasi qoʻyilgan edi.









