1 oktabrdan jarimani bir oy ichida 50% toʻlagan tadbirkor qolganidan ozod etilishi mumkin
Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini yaratish ham nazarda tutilmoqda.

13 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik subʼektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qoʻllash tartibini yanada liberallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Takliflar ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan sud nazorati samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.
Taqdimotda taʼkidlanishicha, bugungi kunda moliyaviy jarimalarni qoʻllash amaliyotida tadbirkorlar uchun qator muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, jarimalarning asosiy qismi vakolatli organlar tomonidan, qolgan qismi esa sudlar tomonidan qoʻllanayotgani sud nazoratini kuchaytirish zarurligini koʻrsatmoqda.
Shu munosabat bilan joriy yil 1 oktabrdan moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy toʻlashni ragʻbatlantiruvchi yangi va yagona tartibni joriy etish taklif qilindi. Unga koʻra, tadbirkorlik subʼekti vakolatli organning qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini toʻlasa, qolgan qismini toʻlashdan ozod etiladi.
Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini yaratish ham nazarda tutilmoqda. Bunda qaror topshirilganidan keyin bir oy ichida jarima summasining oltidan bir qismi toʻlansa, mazkur tartib avtomatik tarzda amal qiladi.
Sud nazoratini kuchaytirish maqsadida yana bir mexanizm taklif etildi. Unga koʻra, vakolatli organning moliyaviy jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda undirilgan mablagʻlar 15 kun ichida qaytarilishi lozim.
Agar ushbu muddat buzilsa, kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun Markaziy bankning asosiy stavkasi asosida foiz hisoblanadi.
Moliyaviy jarimalarni qoʻllash jarayonlarini raqamlashtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Biznes-ombudsman tomonidan yuritiladigan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tadbirkorlarga nisbatan qoʻllangan moliyaviy jarimalarning elektron reyestrini joriy etish taklif qilindi.
Vakolatli organlarning qarorlari qabul qilingach, ular elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanib, ushbu tizimga kiritilishi shart boʻladi. Axborot tizimiga kiritilmagan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi hamda ular asosida jarima undirilmaydi.
Bundan tashqari, mobil ilova orqali moliyaviy jarimalar hisobini yuritish, ularni monitoring qilish va onlayn toʻlash imkoniyatini yaratish, shuningdek manfaatdor idoralarning axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, soliq toʻlovchi — tadbirkorlik subʼektining shaxsiy kabineti orqali moliyaviy jarima toʻgʻrisidagi qarorlar ustidan onlayn shikoyat berish hamda shikoyat kiritilishi bilan qaror ijrosini avtomatik ravishda toʻxtatib turish imkoniyatini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash tartibini unifikatsiya qilishga qaratilgan “Huquqiy taʼsir choralari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish taklifi ham bildirildi.
Davlat rahbari tadbirkorlik subʼektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularni qonunga rioya etgan holda faoliyat yuritishga ragʻbatlantirish hamda jarima qoʻllash amaliyotida adolat va shaffoflikni taʼminlash eng muhim vazifalardan ekanini taʼkidladi.
Mutasaddilarga takliflarni puxta ishlab chiqish, sud nazoratini kuchaytirish, raqamlashtirishni jadallashtirish va sohada yagona, aniq hamda adolatli huquqiy mexanizmni shakllantirish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.









