Mart oyida yillik inflyatsiya 10,3 foizgacha tezlashdi
Mazkur oyda goʻsht mahsulotlari narxi sezilarli darajada oshdi — mol goʻshti 8,3-8,8 foiz, qoʻy goʻshti 9,1 foiz, goʻsht qiymasi esa 5,4 foizga qimmatlashdi.

Milliy statistika qoʻmitasi eʼlon qilgan isteʼmol narxlari indeksi hisobotiga koʻra, 2025 yil mart oyida Oʻzbekistonda narxlar 0,9 foizga oshdi.
Bu koʻrsatkich 2024 yil mart oyidagi 0,67 foizdan yuqoriroq boʻlsa-da, 2022 yil (1,53 foiz) va 2023 yil (1,01 foiz) mart oylaridagi inflatsiya darajalaridan pastdir. Yillik inflatsiya esa 10,3 foizgacha tezlashgan.
Mart oyida oziq-ovqat inflyatsiyasi boshqa tovar va xizmatlar guruhlariga qaraganda yuqoriroq boʻldi. Oziq-ovqat mahsulotlari oy davomida oʻrtacha 1,5 foizga qimmatlashdi, bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 0,7 foizga yuqori.
Goʻsht mahsulotlari narxi sezilarli darajada oshdi — mol goʻshti 8,3-8,8 foiz, qoʻy goʻshti 9,1 foiz, goʻsht qiymasi esa 5,4 foizga qimmatlashdi. Tovuq goʻshti narxlari 0,1-0,6 foiz oraligʻida oʻsdi, tirik baliq esa 1,7 foizga qimmatlashdi.
Shu bilan birga, sariyogʻ 1,1 foiz, sut 0,9 foiz, spirtsiz ichimliklar esa 0,5 foizga oshgan. Ayni paytda, guruch va bugʻdoy uni narxi mos ravishda 2,3 va 1,4 foizga pasaydi.
Meva va yongʻoq narxlari oy davomida deyarli oʻzgarmay, oʻrtacha 0,1 foizga oshdi. Sabzavotlar, ildizmevalilar va dukkakli mahsulotlar esa 0,3 foizga qimmatlashdi. Ayniqsa, sabzi 15,7 foiz, pomidor 4,3 foiz, bulgʻor qalampiri 3,8 foiz, karam va sarimsoq 2,6 foiz, piyoz esa 1,9 foizga oshdi.
Biroq, bodring 14,7 foiz, kartoshka esa 3,7 foizga arzonlashdi. Tuzlangan va marinadlangan sabzavotlar hamda tomat pastasi narxlari 0,1-0,7 foiz oraligʻida pasaydi.
Mart oyidan boshlab Surxondaryo viloyatida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun toʻlov narxi, Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida esa koʻp qavatli uylarda texnik xizmat koʻrsatish toʻlovi narxi oshirildi. Respublika boʻyicha oʻrtacha hisobda ushbu xizmatlar uchun tariflarning oshishi 4 foizni tashkil etdi. Turar joy binolarini saqlash va taʼmirlash uchun materiallar narxi esa oʻrtacha 0,2 foizga pasaydi.
Transport xizmatlari boʻyicha aviachipta narxlari 4,4 foizga (ichki yoʻnalishlar-3,9 foiz, xalqaro yoʻnalishlar-4,8 foiz) oshdi. Taksi narxi 0,5 foizga qimmatlagan boʻlsa, temir yoʻl chiptalari 0,4 foizga koʻtarildi.
Bundan tashqari, huquqiy xizmatlar uchun toʻlov 6,5 foizga oshdi. Zargarlik buyumlari, qoʻl va shunga oʻxshash soatlar narxi 2,3 foizga, sartaroshxona xizmatlari esa 0,6 foizga qimmatlashdi.