Oʻzbekistonda boy aholini soliqqa tortishning alohida tartibi ishlab chiqilishi mumkin
Soliq qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari taʼkidlashicha, eng yuqori daromadga ega aholi qismidan soliq undirishning alohida tartibini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Oʻzbekistonda boy fuqarolarni soliqqa tortishning alohida tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda AOKAʼda oʻtgan matbuot anjumanida soliq qoʻmitasi raisi birinchi oʻrinbosari Mubin Mirzayev maʼlum qildi.
Mirzayevga koʻra, hozirda mamlakatdagi 38 mln aholining 18 mlndan ortigʻi daromadga ega hamda soliq toʻlashi kerak.
“Ularni segmentlash orqali eng yuqori daromadga ega boʻlgan jismoniy shaxslar uchun soliqlarni toʻlash va undirish boʻyicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqqanmiz. Ularning toʻliq bazasi yaratilib, bu orqali bironta jismoniy shaxs oʻz daromadini soliqdan qochish maqsadida kamaytirish yoki oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydigan tizim boʻladi”, — degan rais oʻrinbosari.
Mazkur joriy etilishi rejalashtirilayotgan tizim chet elda olingan daromadlar uchun ham taaluqli boʻladi. Unga koʻra, Oʻzbekiston rezidentlari chet elda orttirilgan daromadlar uchun soliq toʻlashi kerak boʻladi. Norezidentlar bilan bogʻliq holatda Soliq qoʻmitasi ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish uchun chet elda soliq toʻlashni hisobga oladi.
Qoʻmita raisi oʻrinbosari shuningdek, mazkur tizimni ishlab chiqish uchun yana bir yillik muddat kerak boʻlishini taʼkidladi.