Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari 1,7 mlrd dollarga kamaydi
Bir necha oylik oʻsishlardan soʻng oltin-valyuta zaxiralari kamayib, 1 dekabr holati boʻyicha 41,5 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.
Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket oʻsishlardan soʻng 1,7 milliardga pasayib, 1 dekabr 2024 yil holatiga koʻra, 41,5 milliard dollarni tashkil qildi. Bu haqida Markaziy bank 6 dekabr kungi hisobotida xabar berdi.
Noyabr oyida Oʻzbekistonning oltin zaxiralari 623 mln dollarga kamaygan boʻlsa-da, oltinning sof hajmi biroz miqdorga koʻpayib 12,3 mln troyani tashkil qilgan.
Xorijiy valyutadagi aktivlar esa 1,04 mlrdga kamayib 8,1 mlrdni tashkil etgan. Shunga qaramasdan mamlakat egalik qiladigan qimmatli qogʻozlar qiymati biroz koʻpayib 101 mln dollarga yetdi.
Qolgan kamayishlar mos ravishda xorijdagi naqd valyuta va depozitlar, shuningdek, boshqa aktivlar hisobiga toʻgʻri kelgan.
Markaziy bank bu holatni oltin narxining noyabr oyida har unsiya uchun 2 779 dollardan 2 664 dollarga tushgani bilan izohladi. Bu pasayish zaxiralarni 1,4 milliard dollarga kamayishiga olib kelgan.
Noyabr oyidagi tushishga qaramasdan, yil boshidan beri Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralari 34,5 milliard dollardan 7 milliard dollarga koʻpayib, 41,5 milliard dollarga yetdi.