UZCARD 2024 yilda qariyb 1 trln soʻm sof foyda oldi
Bu 2023 yildagi natijalar bilan solishtirilganda, 62,9 foizga yoki 368,9 milliard soʻmga koʻproqdir.
Bank tizimi bilan taqqoslaganda, Oʻzbekistondagi 36 ta bankdan faqatgina 4 tasi yilni UZCARD'dan yuqori foyda bilan yakunlagan.

“Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ — yaʼni UZCARD toʻlov tizimi — 2024 yil yakunlariga oid moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.
Kompaniya oʻtgan yilda 955,7 milliard soʻm miqdorida sof foyda koʻrgan. Bu 2023 yildagi natijalar bilan solishtirilganda, 62,9 foizga yoki 368,9 milliard soʻmga koʻproqdir. Moliyaviy koʻrsatkichlardagi bunday keskin oʻsish UZCARD’ning toʻlov infratuzilmasi, texnologik imkoniyatlari va bozor ulushini faol kengaytirgani bilan bogʻliq.
Maʼlumotlarga koʻra, 2024 yil davomida kompaniyaning umumiy tushumi 1,3 trillion soʻmni tashkil qilgan. UZCARD’ning aktivlari esa yildan-yilga mustahkamlanib, 199,4 milliard soʻmga yoki 37 foizga oʻsib, 736,2 milliard soʻmga yetgan. Shuningdek, kompaniyaning oʻz mablagʻlari — yaʼni jami kapitali — 2024-yil oxirida 590,6 milliard soʻmga yetgan.
Shu bilan birga, kompaniya majburiyatlari ham sezilarli darajada oshgan. Hisobotda qayd etilishicha, 2023 yilga nisbatan ikki barobarga koʻpaygan majburiyatlar 145,7 milliard soʻmni tashkil qilgan.
Qizigʻi shundaki, 2024 yilda koʻrilgan sof foyda hajmi boʻyicha UZCARD nafaqat toʻlov tizimlari ichida, balki moliyaviy sektordagi koʻplab yirik banklardan ham oldinga oʻtib ketgan.
Faqatgina toʻrtta bank — Oʻzbekiston Milliy banki, Hamkorbank, Oʻzsanoatqurilishbank va Kapitalbank — bu borada undan yuqoriroq natijaga erishgan.