Telegram kanallardagi postlar uchun tavsiyalar lentasini tayyorlamoqda
Telegram’ning macOS uchun sinov versiyasida turli kanallardagi postlarni bitta lentada oʻqishga moʻljallangan “Yangiliklar” boʻlimining dasturiy elementlari topildi. Unda foydalanuvchi tanlagan kanallar va qiziqishlarga mos tavsiyalar uchun ikkita alohida qism koʻzda tutilgan. Funksiya hozircha ishga tushirilmagan va rasman eʼlon qilinmagan.

“Gram” nashrining tahliliga koʻra, yangi boʻlim 15 oktabrda chiqarilgan beta-versiyada aniqlangan. U chatlar, qoʻngʻiroqlar va sozlamalar singari ilovaning asosiy menyusidagi mustaqil boʻlim sifatida ishlab chiqilmoqda.
Lenta ikki qismdan iborat boʻlishi kutilmoqda:
- Added — “Qoʻshilganlar” — foydalanuvchi kerakli kanallarni qoʻshib, oʻz lentasini shakllantiradi va istamagan manbalarni olib tashlaydi;
- For You — “Siz uchun” — tanlangan qiziqishlarga mos postlar tavsiya etiladi.
Foydalanuvchi mavzularni belgilashi va keyinchalik ularni oʻzgartirishi mumkin.
Yangi boʻlimda postlarni qidirish, lentani pastga tortib yangilash, yangi nashrlar sonini koʻrish va ularni oʻqilgan deb belgilash imkoniyatlari ham koʻzda tutilgan. Foydalanuvchi lentadagi materialdan asl post, kanal yoki chatga bevosita oʻtishi mumkin boʻladi.
Biroq beta-versiyani oʻrnatishning oʻzi funksiyadan foydalanish uchun yetarli emas. “Gram” maʼlumotiga koʻra, lentaning ishlashi Telegram serverlari tomonidan faollashtirilishiga bogʻliq.
Tavsiyalar qanday mezonlar asosida shakllantirilishi hozircha nomaʼlum. Shuningdek, “Siz uchun” qismida foydalanuvchi obuna boʻlmagan kanallarning postlari ham koʻrsatilishi tasdiqlanmagan.
Agar bunday imkoniyat joriy qilinsa, kanal mualliflari uchun yangi auditoriyaga chiqishning qoʻshimcha yoʻli paydo boʻlishi mumkin. Foydalanuvchilar esa turli manbalardagi materiallarni kanallarni alohida ochmasdan kuzatishi mumkin boʻladi.
Telegram avval ham kanallarni topishni yengillashtiruvchi funksiyalarni taqdim etgan. Jumladan, 2023 yil noyabrida obunachilar tarkibidagi oʻxshashlik asosida ochiq kanallarni tavsiya qilish imkoniyati qoʻshilgan. 2024 yil aprelida esa qidiruvda foydalanuvchi kuzatadigan kanallarning mavzusiga mos boshqa kanallarni koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.
Yangi lentaning barcha foydalanuvchilar uchun ishga tushish sanasi, shuningdek, Android, iOS va Windows’da joriy etish rejalari eʼlon qilinmagan. Sinovdagi ishlanmaning yakuniy versiyaga kiritilishi ham hozircha kafolatlanmagan.









