Bitcoin narxi ilk bor 100 000 dollar chegarasidan oʻtdi
Donald Trampning yangi tayinlov boʻyicha qarori bunga asosiy sabab boʻlgani aytilmoqda.
Bitcoin narxi ilk bor 100 000 dollar chegarasidan oshib, yangi rekord oʻrnatdi. Tahlilchilar bu oʻsishni AQSh prezidentligiga saylangan Donald Trampning SEC (Qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasi) rahbarligiga kriptovalyuta tarafdori Pol Atkinsni tayinlashga qaror qilgani bilan bogʻlashmoqda.
Atkins avval ham SEC’da komissar sifatida ishlagan va maʼlum sabablarga koʻra u yerdan ketgan edi. Ishdan ketganidan keyingi yillarda Atkins bozordagi ortiqcha tartibga solishlar va davlatning iqtisodiyotga aralushivini keskin qoralashi bilan mashhur boʻlib kelayotgan edi.
Tayinlov haqda Tramp oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻida shunday yozdi:
“Atkins investorlarning ehtiyojlariga javob beradigan hamda iqtisodiyotimizni dunyodagi eng yaxshisiga aylantirish uchun sarmoya taqdim etadigan kuchli, innovatsion kapital bozorlarining istiqboliga ishonadi. U, shuningdek, raqamli aktivlar va boshqa innovatsiyalar Amerikani har qachongidan ham buyukroq qilish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini tushunadi”.
Taʼkidlash joizki, Donald Trampning 5 noyabrdagi gʻalabasidan soʻng Bitcoin narxida sezilarli oʻsish kuzatildi. Kriptovalyuta saylov kunidagi 69 374 dollardan bugungi kunda 103 900 dollargacha koʻtarildi. Bu 2022 yilda FTX kripto birjasi inqirozi tufayli 17 000 dollargacha pasayganidan atigi ikki yil oʻtib roʻy berdi.
Tahlilchilarning fikricha, Bitcoin narxining 100 000 dollardan yuqorida ushlanib turishi hozircha nomaʼlum. Biroq Donald Trampning 20 yanvarda prezidentlik kursisiga rasman oʻtirishini inobatga olsak, bozorlarning optimizm kayfiyati saqlanishi mumkin. Shu bilan birga, raqamli aktivlar boʻyicha yangi siyosiy oʻzgarishlar ham bozor dinamikasiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda.