“Oʻztransgaz” AJ birinchi chorakda 2,6 trln soʻm sof foyda oldi
Bu koʻrsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 619 mlrd soʻmga yoki 30,6 foizga koʻpdir.

“Oʻztransgaz” AJ 2025 yilning birinchi choragi yakunlari boʻyicha moliyaviy hisobotini eʼlon qildi.
Hisobotga koʻra, kompaniya ushbu chorakni 2,6 trln soʻm miqdoridagi sof foyda bilan yakunlagan. Bu koʻrsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 619 mlrd soʻmga yoki 30,6 foizga koʻpdir.
“Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati — Oʻzbekiston boʻylab tabiiy gazni magistral quvurlar orqali tashish, taqsimlash va eksport qilish bilan shugʻullanuvchi yetakchi tashkilot hisoblanadi.
Kompaniyaning jami aktivlari 36,6 trln soʻmni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich hisobot davri boshidan 2,3 trln soʻmga (yoki 6,7 foizga) oshgan.
Yanvar-mart oylarida Oʻztransgaz mahsulot va xizmatlar sotuvidan 5,1 trln soʻm daromad koʻrdi. Shundan 3,3 trln soʻmlik qismi yalpi foydani tashkil etdi.
Shuningdek, kompaniya hisobot davrida 466 mlrd soʻmlik daromad soligʻi toʻlagan.
Umuman olganda, barcha xarajatlar chegirib tashlangach, kompaniyaning sof foydasi 2,6 trln soʻmga yetdi.
Avvalroq, OKMK birinchi chorakda qariyb 2 trln soʻm sof foyda olgani maʼlum boʻlgan edi.